«Sardobada jabr ko‘rganlarga» deb Telegram orqali pul yig‘ib, Suriyaga jo‘natgan «jihodchilar» qo‘lga olindi

  •   DiMaX
  •  629
  •  21.01.2021 13:31

«Sardobada jabr ko‘rganlarga» deb Telegram orqali pul yig‘ib, Suriyaga jo‘natgan «jihodchilar» qo‘lga olindi

Shu yilning 21 yanvar kuni Sirdaryo viloyati bo‘yicha DXX Boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida, Sirdaryo viloyatida «jihodchilar» ekstremistik oqimining yashirin guruhi faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu xususda Viloyat IIB Axborot xizmati xabar bermoqda.

O‘QING: Telegram’dagi terrorchilar Alisher Usmonov kompaniyasiga qarashli messenjerga ko‘chib o‘tishgan!

Mazkur guruhning 2 nafar yetakchisi Rossiya Federatsiyasida mavsumiy ishlashi davomida radikal guruhlar ta’siriga tushib, yashash joyiga qaytib kelganlaridan so‘ng aholi orasida o‘zlarining buzg‘unchi g‘oyalarini targ‘ib qilish va Internetning ijtimoiy tarmoqlari orqali xalqaro terrorchilik tashkilotlarning g‘oyaviy rahnomalarining ma’ruzalarini tarqatish bilan shug‘ullanishgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining qarori asosida ta’qiqlangan ekstremistik va terrorchilik guruhlarga aloqador shaxslarning maqola va ma’ruzalarini internet tarmog‘idan yuklab olib, ularni saqlash va atrofdagilarga tarqatish, shuningdek, Suriya Arab Respublikasida davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etuvchi terrorchilik guruhlarni moliyalashtirish bilan shug‘ullangan.

Ushbu jinoiy guruh rahbarlari 2020 yilda Sardoba suv ombori bilan bog‘liq suv toshqini oqibatida talafot ko‘rgan masjidlarning qayta qurilishiga moddiy ko‘mak yig‘ishni aytib, Telegram messenjerida xayriya guruhini ochib, muqaddas qadamjoning qayta qurilishiga o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lgan mo‘min musulmonlarni aldab, ular tomonidan bank plastik kartasiga tushirilgan mablag‘larni Suriyaga jo‘natish bilan shug‘ullanganlar.

O‘QING: Telegram’da «Jihodchilar» ma’ruzalarini tarqatgan qo‘qonlik yigitga jazo tayinlandi

Shu o‘rinda, qo‘lga olinganlardan ba’zilari karantin cheklovlari bekor qilingach, Suriyaga chiqib ketishni rejalashtirish maqsadida ushbu mamlakat hududidagi maslakdoshlari bilan aloqada bo‘lib kelganlar.

DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha Boshqarmasi tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida, ushbu ekstremistik guruhning aholiga salbiy ta’siri va yoshlarni buzg‘unchi yo‘llarga boshlashining oldi olinib, viloyat IIB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ekstremistlarning barcha a’zolari qo‘lga olinib, yashash manzillarida o‘tkazilgan tintuv tergov xarakatlari davomida, ularning jinoiy faoliyatini fosh etuvchi daliliy ashyolar olindi.

Hozirda O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov-surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.

O‘QING: RASMAN: O‘zbekistonda ekstremistik va terroristik profil, kanal va sahifalar ro‘yxati e’lon qilindi!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!