Savodxon - xalqni savodli qiladigan dastur

Savodxon - xalqni savodli qiladigan dastur

Alifboni isloh qilish masalasi ko‘tarilganidan beri o‘zbek interneti qizg‘in bahslarga guvoh bo‘lmoqda. Biz bu muhokamalarda nazariy taklif va tahlillar bilan ishtirok etishdan ko‘ra til va savodxonlik masalalarida oldinga siljish bo‘lishi uchun o‘z kichik hissamizni qo‘shishni afzal bildik.

Savodxon loyihasini 2014-yilda ishga tushirganmiz. Avvaliga bu loyiha oddiygina imlo lug‘ati ko‘rinishida edi. Uning bazasida 14 ming tub so‘z bo‘lib, foydalanuvchi o‘ziga kerak so‘zni shu so‘zlar orasidan izlab topar edi. Sayt shuningdek matnni lotin va kirill yozuvlariga o‘girib berar edi.

Bugunga kelib esa loyiha to‘laqonli o‘zbek tili imlo dasturiga aylandi. Uning bazasida 100 mingdan oshiq asos va 1 milliondan ortiq qo‘shimchalar jamlangan. Dastur ana shu asos va qo‘shimchalardan foydalanib, yangi so‘z variantlarini yasaydi va foydalanuvchi kiritgan matnni imlo xatolariga tekshiradi.

Buning dasturiy elementlarini ta’riflab o‘tirmayman. Lekin shuni aytishim mumkinki, dastur yillar davomida o‘zbek tili imlo va morfemika qoidalarini o‘rganish, ularni dasturiy til ko‘rinishiga o‘tkazish natijasida yaratilgan. Savodxon dasturi – o‘zbekcha so‘zni asos va qo‘shimchaga ajratib tahlil qilishni biladigan birinchi dastur.

Dasturdan foydalanishni imkon qadar oson va qulay qilishga uringanmiz. Uning asosiy tahrir oynasi formatlangan matn bilan ishlashga imkon beradi. U «O‘» «G‘» harflaridagi qo‘shimcha belgi va «ʼ» tutuq belgisini joriy imlo qoidalariga monand avtomatik to‘g‘rilab ketadi. Matnda aniqlangan xatolar ostiga to‘lqinsimon qizil chiziq chizish bilan ajratiladi. Dastur xató deb topilgan so‘zlarga to‘g‘ri so‘z variantlarini ham taklif qiladi: buning uchun xato so‘zlar ustiga kursorni olib borib, sichqonchaning o‘ng tugmasini bosish kifoya.

O‘zbekistonda internet trafik ko‘pincha cheklanganligi sabab, biz Android uskunalar uchun internet tarmog‘iga ulanmay ishlaydigan (oflayn) imlo lug‘atini ishlab chiqqanmiz.

Biz bugun eng ommaviy kontent boshqarish tizimi (Content Management System) hisoblangan WordPress uchun ham maxsus plagin yaratdik. U vebsayt va blog egalariga o‘z maqolalarini e’lon qilishdan avval imlo xatolariga tekshirib olish imkonini beradi. Plaginni bizning saytdan yoki WordPress rasmiy katalogidan yuklab olish mumkin: https://wordpress.org/plugins/savodxon/.

Chrome​ brauzeri foydalanuvchilari esa maxsus ilovani o‘rnatib, deyarli har qanday saytda matn kiritishda imloni tekshirishlari mumkin. Misol uchun, Facebook'da post yoki kommentariy yozayotganda bu ilova avtomatik tarzda imloni tekshiradi va xato so‘zlarni ko‘rsatadi.

Ilovani Chrome​ do‘konidan bepul yuklab olish mumkin: https://chrome.google.com/webstore/detail/savodxon/lfonehongfoaekdhngjfcnbnllnkbmjo.

Dasturga qo‘shimcha tarzda yaratilgan boshqa ilova va plaginlarni loyiha saytidan topish mumkin: https://savodxon.uz/.

Yana bir gapni aytib o‘tishim joiz. Savodxon loyihasi – tijorat loyihasi emas. Loyiha saytidan foydalanish ham, qo‘shimcha dasturiy vositalarni (Android dasturlar, plagin va ilovalarni) ishlatish ham bepul. Bu bizning o‘z kuchimiz va resurslarimiz bilan yaratgan va olib borayotgan loyihamiz. Biz imloni tekshirish dasturi butun jamiyatga xizmat qilishiga – shu sababdan u bepul bo‘lishi kerakligiga ishonamiz.

Ushbu maqolaga vaqt ajratgan o‘quvchilardan shuni iltimos qilamanki, Savodxon loyihasi bilan qiziqib ko‘rsinlar, undan foydalansinlar – agar loyiha ularga yordam bersa, uni boshqalarga ham tavsiya qilsinlar. Tilimizga hurmat mana shunaqa oddiy ishlardan boshlanadi.

Javlon Jurayev
Savodxon loyihasi asoschisi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!