Seer – Windows’da barcha turdagi fayllarni ochuvchi universal dastur

  •   DiMaX
  •  4215
  •  04.05.2017 17:03

Seer – Windows’da barcha turdagi fayllarni ochuvchi universal dastur

macOS tizimida fayllarni tezkor ko‘rish uchun qulay imkoniyat yo‘lga qo‘yilgan: probelni bossangiz bas – sizni qiziqtirayotgan fayl alohida oynada ochiladi. Windows’da bunday funksiya yo‘q, ammo sizga shu imkoniyatni bepul Seer utilitasi taqdim etadi.

Seer’ni ishlab chiquvchi saytidan ko‘chirib olish mumkin. O‘rnatganingizdan so‘ng bu utilita fon rejimida ishlaydi va deyarli har qanday turdagi fayllarni tezda ochish imkonini beradi.

Bildirishnomalar panelida Seer belgichasi turadi, uning yordamida dasturning sozlamalariga kirish mumkin. Shu yerda esa uning tilini tanlash, dasturni Windows’ning avtomatik yuklanuvchi ilovalari ro‘yxatiga qo‘shish hamda tezkor tugmachalarni o‘zgartirish imkoni mavjud.

Biror faylni Seer yordamida ochish uchun, uni provodnikda topish, sichqoncha yordamida tanlash va probelni bosish lozim – shunda provodnikdan yuqori oynada faylning ichidagilar aks etadi. Seer ofis hujjatlarini, tasvirlar, musiqa, video va hatto arxivlarni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Faqat yodda tuting – bu utilita chet fayl menejerlari bilan ishlamaydi.

Fayllarni Seer orqali tezkor ko‘rish imkoniyatlari macOS’dagidan ko‘ra kengroq. Mazkur utilita tezkor tugmachalar bilan ishlashni ham ko‘zda tutadi; ular faylning xususiyatlarini ko‘rish hamda sukut bo‘yicha tizimdagi shu tur fayllarini ochishga mo‘ljallangan dasturda ochish imkonini beradi. Fotosuratlar uchun Seer’da burash va masshtabini o‘zgartirish funksiyalari mavjud; musiqa va videofayllar uchun – oldinga-orqaga tezkor o‘tkazish va ovozini o‘chirib qo‘yish; PDF fayllarida esa – matnni kengligi bo‘yicha tekislash kabi imkoniyatlar taqdim etiladi.

Seer to‘liq barqaror tarzda ishlashi kishini hayratga soladi; ishlab chiquvchilar uning bir necha o‘nlab fayl turlarini qo‘llab-quvvatlashi uchun ancha ter to‘kkanlari ko‘rinib turibdi. Umid qilamizki, Microsoft kompaniyasi ham bunga e’tibor qaratadi va Windows 10 tizimida shunga o‘xshash biror funksiya joriy etadi.

Utilita Vista’dan boshlab, Windows’ning barcha versiyalarida ishlaydi. Agarda siz Microsoft’ning operatsion tizimiga macOS’dan «ko‘chib» o‘tgan bo‘lsangiz, Seer’siz ishlay olmasligingiz aniq. Avvaldan Windows’da kelayotgan foydalanuvchilarga ham u ma’qul keladi; axir, bu utilita yordamida har qanday faylni ochish oson-da!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!