Sega endi iOS va Android uchun bepul retro o‘yinlarni taqdim etadi

  •   DiMaX
  •  3515
  •  22.06.2017 10:18

Sega endi iOS va Android uchun bepul retro o‘yinlarni taqdim etadi

Sega kompaniyasi konsol o‘yinlarini smartfonlarga ko‘chiruvchi Sega Forever nomli loyihani ishga tushirdi. Mohiyatini olib qaraganda, bu – iOS va Android tizimli mobil qurilmalarga moslashtirilgan retro o‘yinlar jamlanmasidir.

Bunda barcha o‘yinlar bepul, ammo reklamali bo‘ladi. Reklamani o‘chirib qo‘yish uchun esa 1,99 AQSh dollari miqdorida to‘lovni amalga oshirish talab etiladi. Ishlab chiquvchilarning va’dasiga ko‘ra, o‘yinlarda original ssenariy va grafika saqlanib qolgan. Shu bilan birga, ularda zamonaviy imkoniyatlar ham taqdim etiladi: «bulut»da saqlash, Bluetooth-kontrollerlarni qo‘llab-quvvatlash, onlayn-reytinglar kabi. Tag‘in, internetga ulanmasdan ham ishlash imkoniyati bo‘ladi.

Loyihada allaqachon, dastlab Sega Genesis yoki Mega Drive pristavkalari uchun yaratilgan beshta o‘yin taqdim etilgan. Ular orasida original Sonic the Hedgehog, Comix Zone, Altered Beast, Kid Chameleon, va Phantasy Star II kabilar ham bor. Sega dasturchilari jamlanmaga har ikki haftada o‘yinlar qo‘shib borishni rejalashtirishgan. Ayni damda o‘yinlar foydalanuvchilarning hududiga bog‘liq holda taqdim etilmoqda.