Sentyabrda chiqayotgan Xiaomi Mi 11T hamda Redmi K40 Ultra xususiyatlari

  •   DiMaX
  •  1838
  •  17.08.2021 12:13

Sentyabrda chiqayotgan Xiaomi Mi 11T hamda Redmi K40 Ultra xususiyatlari

«Xitoycha Apple» bultur oktyabrning boshida biryo‘la ikkita flagman – Xiaomi Mi 10T hamda Mi 10T Pro modellarini taqdim etgan, shuningdek, «yengillashtirilgan» Xiaomi Mi 10T Lite smartfonini namoyish qilgan. Insayderlarga ko‘ra, kompaniya bulardan birinchisining izdoshi – Mi 11T qurilmasini endi ertaroq – sentyabrda chiqarmoqchi.

O‘QING: Ushbu 22 rusumdagi Xiaomi, Redmi va Poco smartfonlarining «operativka»sini yana 3 GBgacha kengaytirish mumkin bo‘ladi!

Xabarlarga qaraganda, Xiaomi Mi 11T modeli uchun MediaTek kompaniyasining flagmani – Dimensity 1200 protsessori tanlangan. Smartfonda kadr yangilanish chastotasi 120 gerslik, tomonlari o‘zaro 20:9 nisbatda bo‘lgan OLED-ekran qo‘llanadi.

Xiaomi Mi 11T bosh kamerasi uchtalik bo‘lib, ulardan asosiysi – 64 megapiksellik OmniVision OV64B datchigidir. Keng burchakli ob’yektiv bilan taqdim etilayotgan ikkinchi sensor esa 8 megapiksellik Sony IMX355 bo‘ladi. Bosh kamera jamlanmasiga yana uch karralik optik zumga ega bo‘lgan telemakroob’yektiv kiradi.

Xiaomi Mi 11T smartfoni global bozorga mo‘ljallangan bo‘lib, Xitoydan tashqari barcha mamlakatlarda sotiladi. Mahalliy bozorga esa uni boshqa brend ostida – Redmi K40 Ultra modeli sifatida chiqarishadi, ammo unisi global versiyadan sal farq ham qiladi.

O‘QING: Xiaomi Mi 11T hamda Mi 11T Pro mana shunday ko‘rinishda bo‘lishi mumkin

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Xiaomi Mi 11T smartfonining kodli nomi Amber, model raqami esa K11R ekan. Uning mahalliy versiyasi – Redmi K40 Ultra esa Agate kodli nomi hamda K11T model raqami ostida tayyorlanmoqda.

Ko‘rib turganingizdek, Xitoy bozoriga mo‘ljallangan Redmi K40 Ultra modelining global savdoga chiqadigan smartfondan asosiy farqi – bosh kamerasida ekan. Ya’ni, unda asosiy modul sifatida 64 emas, balki 108 megapiksellik optik sensor o‘rnatilmoqda.

Ushbu ikkala smartfon ham sentyabrda rasman namoyish qilinishi kutilmoqda. O‘zbekistonda sotilayotgan ayrim Xiaomi, Redmi hamda Poco smartfonlarining 2021 yil 13 avgust sanasi holatiga ko‘ra Mediapark.uz, Asaxiy.uz, Openshop.uz hamda Olcha.uz onlayn do‘konlaridagi narxlari bilan esa mana bu yerda tanishib chiqishingiz mumkin.

O‘QING: Android 12’ga o‘tuvchi Xiaomi, Redmi, Poco hamda Black Shark smartfonlarining yangi ro‘yxati (2021 yil avgust)