Serhasham Xiaomi Mi 6 Ceramic bugun sotuvga chiqdi

Serhasham Xiaomi Mi 6 Ceramic bugun sotuvga chiqdi

Shu kunlarda Xitoyda sotilayotgan oddiy talqindagi, ya’ni zanglamas po‘lat va shisha uyg‘unligidagi korpusga ega Xiaomi Mi 6 flagmaniga talab va ehtiyoj keskin oshib ketgan. 28 aprel kuni Mi 6’ning doimiy xotirasi 64 GB bo‘lgan talqini $360, doimiy xotirasi 128 GB bo‘lgan versiyasi $420 AQSh dollaridan sotuvga chiqib, soniyalar ichida tamom bo‘lgan edi.

Nihoyat, uzoq kutilgan Xiaomi Mi 6 Ceramic smartfoni 23 maydan boshlab $435 dollar narxida sotuvga chiqarildi. Serhasham Xiaomi Mi 6 Ceramic Xiaomi’ning Xitoydagi onlayn-do‘konida sotilmoqda. Unga 128 GB doimiy xotira o‘rnatilgan.

Xo‘sh, bu pulga nima va’da qilinmoqda? Birinchi navbatda keramikadan tayyorlangan orqa panel. Orqa panelda joylashgan qo‘sh sensorli kamera modullarining atrofiga 18 karatli tilla suvi bilan bezak berilgan. Mana shular uning oddiy talqindan farqlari.

Mi 6 smartfoni 5,15 dyuymli Full HD (1080p) ekran, orqa panelda har biri 12 megapikselli 2 ta bosh kamera modullar, 8 megapikselli old kamera, ilg‘or Snapdragon 835 chipseti, Adreno 540 videokartasi, 6 GB operativ xotira, 64 yoki 128 GB doimiy ichki xotira, 3,350 mA soat sig‘imli akkumulyator bilan ta’minlangan. Flagman Android 7.1.1 Nougat’ning o‘zlashtirilgan MIUI 8.0 talqinida faoliyat ko‘rsatadi. Smartfon korpus nam va chang ta’siridan himoyalangan. Keramika talqin metall talqinga ko‘ra 14 gramm og‘ir va 182 gramm tosh bosadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!