Sharp Aquos R2 Compact – ekrani ikkita «kemtik»li ilk smartfon! (+video)

  •   DiMaX
  •  722
  •  16.11.2018 08:22

Sharp Aquos R2 Compact – ekrani ikkita «kemtik»li ilk smartfon! (+video)

Yaponiyaning Sharp kompaniyasi o‘z smartfonlarining o‘zgacha, biroz g‘alatiroq dizayni bilan tanilgan. Masalan, uning yaqinda namoyish etilgan Aquos Zero flagmani displeyining tepasida o‘ta keng «o‘yiq» mavjud.

O‘QING: Apple, LG va Sharp birgalashib, Samsung’ning «oyog‘iga bolta urishmoqchi»!

Kompaniyaning yangi ixcham flagmani – Aquos R2 Compact esa ekranining tepa qismidan tashqari, pastida ham yana bitta «kemtik»ka ega!

4.9 dyuymlik Aquos R Compact hamda 5.2 dyuymlik Aquos R2 Compact

Sharp Aquos R2 Compact diagonaliga 5.2 dyuymlik IGZO-displey bilan jihozlangan bo‘lib, uning tasvir aniqligi 2280x1080 pikselga teng. Kompaniya displeydagi sensor qoplamining yangilanish tezligini ikki karra oshirgan – u xuddi iPhone XR singari 120 Gs chastotaga ega.

Ekranning yuqorisidagi «kemtik» old kamera uchun, pastkisi esa – barmoq izi skaneri uchun «o‘yilgan». Sharp daktiloskopik datchikni korpusning yon qirrasiga yoki orqa paneliga nega o‘rnatmagan – g‘alati. Darvoqe, smartfon korpusining o‘lchamlari 131x64x9.3 millimetrga, vazni esa 135 grammga teng.

O‘QING: Sharp Aquos S2: yapon texnologiyasi o‘rtacha narxda

Boshqa jihatlariga ko‘ra mazkur qurilma «katta» flagmanlardan umuman qolishmaydi. Uning ishlash samaradorligi uchun ilg‘or Snapdragon 845 chipseti hamda 4 gigabaytlik tezkor xotira mas’ul. Aquos R2 Compact doimiy xotirasi 64 gigabaytlik, unga yana microSD formatli xotira kartasini ham o‘rnatish mumkin. Smartfon Android operatsion tizimining eng so‘nggi – 9 Pie talqini boshqaruvi ostida ishlaydi.

Sharp ushbu ixcham flagmanida yana bitta o‘zgachalikka qo‘l urgan – smartfonsozlar o‘zlarining ilg‘or (va hatto o‘rtacha) modellarini qo‘shaloq kamera bilan ta’minlayotgan bir paytda, Aquos R2 Compact kameralari yakka datchikli. Aniqligi 22.6 megapikselga teng bo‘lgan ushbu kamera tasvirni optik barqarorlashtirish tizimiga ega bo‘lishdan tashqari, suratga olinayotgan sahnalarni «tanib olish» uchun «sun’iy ong»dan ham foydalanadi. Selfi-kamera esa 8 megapiksellik.

Mazkur ixcham smartfonning 2500 mA/soatlik akkumulyatori USB Type-C porti orqali tezkor quvvat ola biladi. Unda simsiz interfeyslardan Wi-Fi 5 GGs, Bluetooth 5.0, NFC modullari, quloqchin uchun 3.5 millimetrlik tirqish mavjud.

Mana, quyida Sharp Aquos R2 Compact smartfoniga bag‘ishlab tayyorlangan videorolikni tomosha qilamiz:

Sharp Aquos R2 Compact narxi borasida hozircha biror ma’lumot yo‘q. Bu gadjet mahalliy SoftBank aloqa operatori tarmog‘ida 2019 yil yanvar oyi o‘rtalarida sotuvga chiqariladi. Bahorda standart versiyadagi Sharp Aquos R2 modeli Yaponiyada sotuvga chiqadi, ammo u ham xorijiy bozorga taqdim etilmasa kerak.

O‘QING: Omad chopmadi: Sharp Xitoy smartfonlar bozorini tark etmoqchi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!