Shavkat Mirziyoyevning Facebook'dagi sahifasi rasmiy maqomga ega bo‘ladi

Shavkat Mirziyoyevning Facebook'dagi sahifasi rasmiy maqomga ega bo‘ladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi doirasida, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasi hukumat topshirig‘i asosida Kaliforniya shtatidagi "Kremniy vodiysi"da bo‘lib, bu yerda faoliyat ko‘rsatuvchi jahonning nufuzli IT-kompaniyalari bilan hamkorlik yuzasidan muzokaralar olib bordi. Bu to‘g‘rida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda

"Kremniy vodiysi"dagi muvaffaqiyatli uchrashuvlardan biri Facebook kompaniyasining bosh qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Kompaniyani iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha rahbari Kleyr Devi ishtirokidagi muhokamalarda Facebook vakillarining O‘zbekistondagi IT-tadbirlarida ishtirok etishi, shu bilan birga, turli yo‘nalishlarda, jumladan tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, startaplarni amalga oshirish kabi ijtimoiy loyihalarda hamkorlik qilish rejalari muhokama qilindi.

Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Facebook tarmog‘idagi sahifasiga rasmiy maqom berish bo‘yicha ham kelishib olindi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqdagi davlat xizmatchilarining sahifalarini qo‘llab-quvvatlash va ommalashtirish choralarini ko‘rish yuzasidan hamkorlik o‘rnatilishi belgilab olindi.

Facebook taniqli davlat va jamoat arboblari, san’at va madaniyat namoyandalari, shuningdek jurnalistlarning tarmoqdagi sahifalariga rasmiy maqom berish an’anasini yo‘lga qo‘ygan. 2017 yilda tashkil qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Facebook sahifasini bugungi kunda 137 mingga yaqin kuzatuvchilari mavjud.

Eslatib o‘tamiz, taniqli davlat va jamoat arboblari orasida feysbukda eng ko‘p kuzatuvchilarga egalik bo‘yicha Amerika Qo‘shma Shtatlarining sobiq rahbari Baraka Obama yetakchilik qiladi. Uni mazkur tarmoqda 55 milliondan ziyod kuzatuvchilari bor.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!