Shazam shart emas: musiqalarni endi Telegram orqali tanib olish mumkin!

  •   DiMaX
  •  7393
  •  28.12.2020 17:22

Shazam shart emas: musiqalarni endi Telegram orqali tanib olish mumkin!

Telegram messenjerida turli botlar yordamida ayrim ilovalarning funksiyalarini bajarish mumkin. Bugun biz sizni ommabop Shazam servisining asosiy vazifasini uddalay oladigan bot bilan tanishtirmoqchimiz.

O‘QING: Shazam’ning keragi yo‘q: Google Assistant endi xirgoyi va hatto hushtak bo‘yicha ham qo‘shiqni topib beradi!

Ushbu bot SongID deb nomlangan bo‘lib, undan foydalansangiz, smartfoningizni Shazam yoki SoundHound kabi ilovalar bilan band qilib o‘tirishning umuman keragi bo‘lmaydi.

Botning ishlash usuli juda sodda: Telegram’dagi ovozli xabar yozish tugmachasini bosib turib, musiqa/qo‘shiqdan parcha yozib olib unga yuborasiz. O‘rtacha 10-14 soniyalik parchani jo‘natganingizdan so‘ng bot sizga qo‘shiq haqidagi ma’lumotni, yana uni tinglash uchun striming-servislardagi manzillarini ham yuboradi.

SongID qo‘shiqlarni deyarli hamisha to‘g‘ri topa oladi, bunisi o‘sha qo‘shiqning internetda tanilganlik darajasiga ham bog‘liq. Imkon qadar qo‘shiqning naqoroti kuylangan joyini yuborgan ma’qul – ayni shu joyidan tanib olish osonroq. Shuningdek, botga yuboriladigan audioning sifati, tiniqligi va begona shovqinlar bo‘lmasligi ham ahamiyatga ega.

Botning kamchiliklardan biri – aniqlangan qo‘shiqni to‘la holida tinglab ko‘rish uchun oqimli audio servisini belgilab qo‘yish imkoni yo‘qligidir. Odatda u kompozitsiyaning Spotify, Deezer va YouTube servislaridagi manzilini beradi.

O‘QING: TOP-100: Eng ko‘p xirgoyi qilinuvchi qo‘shiqlarni Google e’lon qildi (+video)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!