Shazam’ning keragi yo‘q: Google Assistant endi xirgoyi va hatto hushtak bo‘yicha ham qo‘shiqni topib beradi!

  •   DiMaX
  •  3419
  •  16.10.2020 12:45

Shazam’ning keragi yo‘q: Google Assistant endi xirgoyi va hatto hushtak bo‘yicha ham qo‘shiqni topib beradi!

Smartfon egalari, ayniqsa yoshlar xush ko‘radigan Shazam ilovasi biror qo‘shiqdan parcha «eshitib», uning nomi va boshqa ma’lumotlarini topib berishi bilan mashhur. Lekin bundan uch yil avval uning asosiy funksiyalari Google Assistant ovozli yordamchisiga ham joriy etilganidan xabaringiz bormi?

O‘QING: Sun’iy intellekt bahsi: ovozli yordamchilardan qay biri eng aqlli?

Google kuni kecha o‘zining ushbu virtual yordamchisidagi qo‘shiqni aniqlash funksiyasini takomillashtirdi. Endi biror qo‘shiq haqida ma’lumot topish uchun aynan o‘sha qo‘shiqning rasmiy ijrosidan parcha ham shart emas. Qo‘shiqning so‘zlarini bilganingizcha uning musiqasiga solib xirgoyi qilsangiz, yoki hatto o‘sha ohangga o‘xshatib hushtak chalsangiz ham Google Assistant uni internetdan topib bera oladigan bo‘ldi!

Google dasturchilarining ta’kidlashlaricha, ovozli yordamchiga oldin «Bu qanaqa qo‘shiq?» deyish yoki ekrandagi ovozli qidiruv tugmachasini bosish, keyin esa 10–15 soniya o‘sha qo‘shiqdan xirgoyi qilish yo hushtak chalish kifoya. Shundan so‘ng Google’ning mashinaviy ta’lim algoritmi o‘sha ohangga va so‘zlarga mos kelishi ehtimoliga ko‘ra bir nechta qo‘shiqni topib ko‘rsatadi.

O‘QING: Selena Gomesni ham ortda qoldirgan Instagram yulduzi kim bo‘ldi?

Taklif etilgan natijalardan istalgan birini tanlab, qo‘shiq va uning ijrochisi haqida ma’lumotlar olish, taronaning videoklipini va matnini topish mumkin. Tabiiyki, buning uchun o‘sha qo‘shiq va uning ma’lumotlari Google tizimida indeksatsiyadan o‘tgan bo‘lishi lozim.

Kompaniya saytida ma’lum qilinishicha, Google Assistant’ning ushbu funksiyasi hozir iOS uchun ingliz tilida, Android uchun esa yigirmadan ortiq tillarda amal qilmoqda. Kelajakda qo‘shiqni ohangi va so‘zlari bo‘yicha izlash qunksiyasiga boshqa tillar ham qo‘shilishi mumkin.

O‘QING: Rossiyada eng serdaromad TikTok’chilar reytingida birinchi o‘rinni o‘zbek zabt etdi!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!