Sirg'a yoki quloqchin? Moda va texnologiya birlashdi!

Sirg'a yoki quloqchin? Moda va texnologiya birlashdi!

Germaniyaning Myunxen shahrida joylashgan Nova startap kompaniyasi o'zining "marvarid quloqchin"larini taqdim qildi – H1 Audio Earrings o'zida ham moda, ham texnologiyani mujassam etgan.

Qizig'i shundaki, quloqchinlarning marvaridi haqiqiy hisoblanadi va ularning orqasida ikkita kolonkalar joylashgan. Garchi qurilmalar qulog'ingiz ichida bo'lmasa ham, ular audioni sizga, qulog'ingizga yetkazib berish uchun "yo'nalishli ovoz" texnologiyasidan foydalanadi. Bu esa yoningizdagi odamlar siz tinglayotgan narsalarni eshitmasligini ta'minlaydi.

Kompaniyaning aytishicha, siz atrofingizda bo'layotgan narsalar bilan birga musiqa tinglashingiz mumkin. Bu shuni anglatadiki, quloqchinlar shovqinni bekor qilish xususiyatiga ega emas. Alohida ta'kidlash joizki, quloqchinlarning quvvatlovchi keysi ham nafis va chiroyli dizaynga ega.

Texnik xususiyatlarga keladigan bo'lsak, quloqchinlar to'liq quvvat bilan 3.5 soatgacha musiqa tinglash yoki ichki o'rnatilgan to'rtta mikrofonlar orqali 2.5 soatgacha gaplashish imkonini beradi. Quvvatlovchi keys bilan esa siz quloqchinlaringizni uch marta to'liq quvvatlab olishingiz mumkin, ya'ni bu bilan siz quloqchinlardan 14 soat foydalana olasiz.

Shuningdek, quloqchinlar musiqani boshqarish yoki qo'ng'iroqlarga javob berish uchun ichki o'rnatilgan tugmalarga ham ega. Quloqchinlar og'irligi 7.7 grammni tashkil qiladi.

Nova H1 Audio Earrings bir qarashda quloqchin emas, taqinchoqlarga o'xshaydi. Qolaversa, ulardagi marvaridlarning haqiqiyligi bilan ularning oddiy quloqchinlardan bir necha barobar qimmatroq bo'lishi ma'noga ega. Shunday qilib, narxlar quyidagicha:

  • Tilla variantidagisi: 695 yevro (≈$753)
  • Kumush variantdagisi: 595 yevro (≈$645)

Marvarid quloqchinlar hozirda faqat Yevropada sotuvga chiqarilgan, lekin tez orada kompaniya ular Amerika va Yaponiya bozorlariga kirishni rejalashtirgan.

O'QING: Apple AirPods Lite ustida ishlamoqda

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!