Siri virtual assistentiga kim ovoz bergani ma’lum bo‘ldi

Siri virtual assistentiga kim ovoz bergani ma’lum bo‘ldi

Har kuni jahon miqyosida millionlab ayfon foydalanuvchilari «Salom, Siri» iborasini ishlatadilar, ayfondagi Home yoki Power tugmasini bosib, virtual ovozli yordamchini chaqiradilar. Virtual yordamchi esa jami 100 million nafar odamga turli-tuman ma’lumotlarni ovozli tarzda taqdim qiladi.

Siri ovozida 68 yoshli taniqli amerikalik dublyaj aktrisasi Syuzan Bennettning tovushi yashiringan. Siri bilan ingliz tilida suhbat quradiganlar aynan uning ovozini tinglaydilar.

CNN kanali bilan intervyuda Syuzan Siri'ga ovoz berish jarayonlari xususida gapirib berdi.
"Do‘stlarimdan biri menga yuborgan audio faylda Siri'ning o‘zimning ovozimda so‘zlayotganini eshitganman. O‘shanda mening ayfonim bu xizmatni qo‘llab-quvvatlamas edi. Audioni qayta-qayta tinglab, bu o‘zimning ovozim ekanini tushunganman.



Bunga qadar turli kompyuter tizimlari, GPS, terminallar va gajetlarga ovoz berganman. Misol uchun ATM-terminallarida ilk marotaba mening ovozimdan foydalanishgan.

Siri'ning ovozini 2005 yilning iyulida yoza boshlaganmiz. Bir oy mobaynida har kuni 4 soatdan ishlaganmiz. O‘shanda bu ovoz aynan qaysi tizimda ishlatilishidan bexabar edim".

Syuzan dublyaj sohasida 1970 yillardan boshlab faoliyat ko‘rsatadi. Siri'ni ovozlashtirishda "sun’iy intellekt" texnologiyasidan ham foydalanilgan.

Apple bu ovozli tizimni nega "Siri" deb nomlaganida ham o‘ziga xoslik mavjud. Norveg tilida bu so‘z "g‘alabaga olib boruvchi go‘zal ayol" degan ma’noni anglatadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!