Sizni josuslar kuzatuvidan endi Android’ning o‘zi xalos etadi!

  •   DiMaX
  •  759
  •  26.03.2020 16:45

Sizni josuslar kuzatuvidan endi Android’ning o‘zi xalos etadi!

Google dasturchilari kompaniyaning mobil operatsion tizimida nafaqat interfeys, balki himoyani ham takomillashtirib borishmoqda. Android 11 dastlabki jamlanmasi kodida topilgan yangi ma’lumotlarga ko‘ra, unda josus ilovalarning faoliyatini cheklash imkoni bo‘ladi.

O‘QING: Smartfoningiz ta’qibidan qutulishni bilasizmi?

Hozir amalda bo‘lgan Android 10 talqinida foydalanuvchilarga taqdim etilgan yaxshi imkoniyatlardan biri – ilovalarning smartfondagi geolokatsiya xizmatlaridan foydalanish ruxsati bo‘yicha nozik sozlamalar joriy etilganidir. Masalan, oldingi versiyalaridan farqli ravishda, dasturlar unda fon rejimida emas, balki bevosita shu ilovani ishlatayotgan paytdagina joylashuv ma’lumotlarini ola biladilar.

Insayderlarga ko‘ra, Android 11 operatsion tizimida shu kabi imkoniyatlar foydalanuvchiga ko‘proq taqdim qilinadi. Aniqrog‘i – unda endi turli ilovalarning qurilma kamerasi va mikrofonidan foydalanishini ham o‘zingiz boshqara olasiz. Dasturlarning ruxsatida «faqat foydalanish vaqtida» opsiyasini tanlab qo‘ysangiz, ular fon rejimida sizni kamera yoki mikrofon orqali poylay olishmaydi.

O‘QING: iPhone’ingiz kamerasi va mikrofoni orqali qaysi ilovalar sizni kuzatayotganini bilasizmi?

Shuningdek, Android 11 talqinida «bir martalik ruxsat» berish imkoni ham bo‘ladi; bunda ilovadan hozirgi foydalanayotgan seans paytidagina u mikrofon va kamera ma’lumotlariga kira oladi. Keyingi gal esa unga boshqatdan ruxsat bermaguningizcha mazkur datchiklardan foydalana olmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Google kompaniyasi Android 11 (yoki Android R) talqinining dasturchilarga mo‘ljallangan jamlanmasini allaqachon taqdim etgan. Biz unda iOS'dagi kabi funksiya joriy etilishini, smartfonning orqasidan chertib boshqarish mumkin bo‘lishini (videolari bilan) ma’lum qilganmiz.

O‘QING: MIUI 12 hamda Android 11’gacha yangilanuvchi Xiaomi smartfonlari ikkita ro‘yxatda!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.