Smartfon bozoridagi daromadning 93 foizini ikkitagina kompaniya bo‘lishib oldi! (2020 yil 3-chorak)

  •   DiMaX
  •  2683
  •  28.11.2020 09:59

Smartfon bozoridagi daromadning 93 foizini ikkitagina kompaniya bo‘lishib oldi! (2020 yil 3-chorak)

Bir necha yildan beri Samsung korporatsiyasi smartfonlar bozorida yetakchi bo‘lib kelayotganidan xabaringiz bor. Lekin mazkur bozorda uning ulushi muntazam pasayib, boshqalarning hissasi ortib bormoqda. Masalan, Xiaomi uchinchi chorakda rekord darajada ko‘p smartfon sotgan.

O‘QING: Xitoyliklarning o‘zlari eng ko‘p qaysi smartfonlarni olishyapti?

Shunga qaramasdan, smartfon savdosidan olayotgan foydasi bo‘yicha Samsung baribir oldingi o‘rinlarda bormoqda. Strategy Analytics ma’lumotlariga qaraganda, 2020 yilning uchinchi choragida u telefon sotishdan tushayotgan daromadini bulturgiga nisbatan ikki karra oshirishga erishgan. 2019 yilning uchinchi kvartalida smartfon bozoridagi daromadning 18,8 foizi Samsung kompaniyasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bu yil mazkur ko‘rsatkich 32,6 foizga yetgan!

Shu bilan birga, Samsung uchun bu keyingi olti yil ichidagi eng yuqori natija ham hisoblanadi – 2014 yilning uchinchi choragida u smartfon bozoridagi mablag‘larning 37,9% qismiga egalik qilgan edi.

Biroq koreyalik gigant smartfon sotishdan tushayotgan daromad borasida o‘zining «ashaddiy raqibi» – Apple’ga yetishiga ancha bor. Kupertinolik korporatsiyaning bu bozordagi hissasi unikidan deyarli ikki baravarga ko‘p – 60,5 foiz! Tag‘in, bu hali o‘tgan yildagiga nisbatan kamaygan holat – 2019 yili smartfon bozoridagi foydaning 66,9 foizini Apple olgan.

Xullasi kalom, bu yilning uchinchi choragida dunyo bo‘ylab sotilgan barcha smartfonlardan tushgan foydaning 93,1% qismi shu ikki texnogigantga tegishli. Boshqa smartfonsozlar sotgan gadjetlar soni bularnikiga yaqinroq bo‘lishi mumkin, lekin shundan olgan daromadi o‘ta kam.

O‘QING: Samsung, Apple, Xiaomi va Huawei har bir smartfondan qancha sof daromad ko‘radi?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!