Smartfon bozoridagi tengsiz lider ikkinchi o‘rin egasidan uch yarim marta o‘zib ketdi!

  •   DiMaX
  •  3672
  •  07.10.2020 14:41

Smartfon bozoridagi tengsiz lider ikkinchi o‘rin egasidan uch yarim marta o‘zib ketdi!

Avvalroq biz Counterpoint Research tahlilchilari ma’lumotlari asosida avgust oyida sotilgan smartfonlar soniga ko‘ra kompaniyalar reytingini chiqargan edik. Kuni kecha esa Visual Captalist marketing tadqiqotlari agentligi joriy yilning ikkinchi choragi bo‘yicha eng muvaffaqiyatli smartfonsozlar reytingini taqdim etgan.

O‘QING: Eng ommabop 10 smartfon (40-hafta)

Endi bo‘lsa ComprarAcciones.com ham smartfon bozori haqida ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, shu yilning ikkinchi choragi dunyo bo‘yicha 294,7 millionta telefon sotilgan, bu esa o‘tgan yilning ikkinchi kvartalida (370,3 millionta) sotilganidan 20,4 foizga past ko‘rsatkichdir.

ComprarAcciones.com, shuningdek, 2020 yilning birinchi yarmida dunyoda eng ko‘p sotilgan smartfonlar reytingini ham bergan. Unga ko‘ra, Apple kompaniyasining bulturgi – iPhone 11 modeli ekan. Yarim yilda mazkur ayfon 37,7 million donadan ortiq sotilgan. Uning yutug‘i boshqa smartfonlar ko‘rsatkichlari bilan solishtirganda yanada yaqqolroq ko‘rinadi: ikkinchi o‘rindagi Galaxy A51 modeli undan deyarli uch yarim baravarlik farq bilan ortda qolgan! Samsung korporatsiyasi yilning ilk yarmida ushbu hamyonbop smartfonidan 11,4 millionta sota olgan.

Ko‘rib turganingizdek, uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni Xiaomi kompaniyasi vakillari egallagan: Redmi Note 8 smartfoni 11 millionta, Redmi Note 8 Pro esa 10,2 millionta sotilgan.

Jahondagi eng ko‘p sotilgan smartfonlar o‘ntaligiga yana tegishlicha iPhone SE 2020, iPhone XR, iPhone 11 Pro Max, Redmi 8A, Redmi 8 hamda iPhone 11 Pro smartfonlari kirgan. Ya’ni, reyting shohsupasini va naq yarmini Apple vakillari band etgan bo‘lsa, faqat ikkinchi o‘rinda janubiy koreyaliklar smartfoni turibdi, qolgan to‘rtta o‘rinni Redmi brendi egallagan.

Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz: Omdia tahlil kompaniyasi avvalroq chiqargan, yilning birinchi yarmida eng ko‘p sotilgan smartfonlar reytingida ham iPhone 11 yetakchi edi. Kupertinoliklar bu ayfonlarning davomchisi – iPhone 12 turkumining taqdimoti kunini ham allaqachon aytishgan.

O‘QING: Xitoylik bu kamerofon DxOMark reytingida Galaxy S20 Ultra va Xiaomi Mi 10 Pro’ni ham «yer tishlatdi»!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!