Smartfon egalari 2020 yilda qaysi o‘yinlarga eng ko‘p pul sarflashdi?

  •   DiMaX
  •  1533
  •  17.12.2020 12:24

Smartfon egalari 2020 yilda qaysi o‘yinlarga eng ko‘p pul sarflashdi?

11 dekabrga o‘tar tunda The Game Awards 2020 taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tgan va unda naq o‘ttiz bitta yo‘nalishda g‘oliblar nomi e’lon qilingan edi. Sensor Tower kompaniyasi esa yakuniga yetayotgan yildagi eng serdaromad mobil o‘yinlar reytingini taqdim etdi.

O‘QING: Apple o‘zining turli gadjetlari uchun 2020 yilgi eng zo‘r o‘yin va ilovalarni e’lon qildi

Reytingga ko‘ra, PUBG Mobile hamda uning xitoycha varianti – Game For Peace bu borada yetakchi ekan. Joriy yil davomida ular eng ko‘p – taxminan 2,6 milliard dollar daromad keltirgan; bu esa o‘tgan yilgisidan 64,3 foizga ko‘pdir.

Ikkinchi pog‘onani 2,5 milliard dollarlik daromad (o‘sish – 42,8%) bilan Honor for Kings o‘yini band etgan. Kuchli uchlikni yakunlovchi Pokemon Go o‘yiniga bo‘lsa geymerlar taxminan 1,2 milliard dollar sarflashgan. Bu ko‘rsatkich bulturgisidan 31,5 foizga ko‘proqdir.

Keyingi o‘rinlarda tegishlicha Coin Master va Roblox (har birining daromadi – 1,1 milliard dollar) hamda Monster Strike (958 million dollar) o‘yinlari turibdi.

Umuman olganda, Sensor Tower hisobotiga ko‘ra, 2020 yil mobaynida mobil o‘yinlar bozorida o‘tgan yilgiga nisbatan 19,5 foizga o‘sish kuzatilgan. O‘yinsozlarning o‘z mahsulotlaridan olgan jami daromadlari 75,4 milliard dollar, deya taxmin qilinmoqda. Bu boradagi aniq ma’lumotlar kelasi yilning boshida chiqadi.

O‘QING: 2020 yilning eng zo‘r Android-o‘yinlari (Google Play talqini)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!