Smartfon egalarini ta’qib etishning eng ayyorona yo‘li aniqlandi (+video)

  •   DiMaX
  •  1903
  •  24.08.2017 10:34

Smartfon egalarini ta’qib etishning eng ayyorona yo‘li aniqlandi (+video)

Texnologiyalar asrida shaxsiy ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash masalasi ham dolzarb muammolardan sanaladi. Zero, zamonaviy «aqlli» qurilmalarning deyarli barchasi o‘z sohiblarining xatti-harakatlarini kuzatib boradi. Jumladan, smartfon ta’qibidan qutulish yo‘llarini avvalroq e’lon qilganmiz.

Telefon qo‘ldan tushib ketishi, biror qattiq narsaga urilishi tufayli uning ekrani darz ketishi, sinishi – eng ko‘p uchraydigan holatlardan biridir. Bunday vaziyatlarda ekranni almashtirish uchun smartfoningizni vakolatli servis markaziga yoki istalgan bir ustaxonaga olib borasiz. Ammo yangi qo‘yilgan nooriginal ekran sizning xavfsizligingiz uchun tahdid tug‘dirishi mumkin. Yaqindagina Isroildagi Ben-Gurion universiteti tadqiqotchilari shunday xulosaga kelishdi, deb yozadi AndroidInsider sayti.

Mutaxassislar smartfon ekrani orqali uning foydalanuvchisi xatti-harakatlarini kuzatib borishning antiqa yo‘lini aniqlashdi. Ular Nexus 6P smartfoni uchun ishlab chiqarilgan, original bo‘lmagan displey moduliga maxsus mikrosxema o‘rnatishdi. Bu chip ziyonkor ilovalar o‘rnatish, fishing va foydalanuvchining smartfondagi barcha harakatlarini kuzatib borishga xizmat qiladi. Hatto ekran o‘chiq payti ham u o‘z faoliyatini to‘xtatmasligi va foydalanuvchi bundan umuman bexabar qolishi ehtimoli yuqori.


Qizig‘i – tadqiqotchilar atigi 10 dollarga tushadigan materiallar yordamida smartfonga ekrani orqali «hujum»ni amalga oshira bilishdi. Bunday xavfli chip o‘rnatilgan ekran tashqi ko‘rinishiga ko‘ra originalidan umuman farqlanmaydi, hatto mutaxassislar ham bir qarashda uning farqiga bora olishmaydi. Ya’ni, servis markazi xodimlari ham o‘zlari foydalanuvchilarga ziyonkor mikrosxemali displeylar o‘rnatib berayotganliklaridan bexabar qolaverishadi.

 Demak, bugungi kunda o‘z shaxsiy ma’lumotlarining maxfiyligini saqlayman, degan foydalanuvchi ko‘p narsani e’tiborga olishi kerak ekan. Zero, Intel bosh direktori bo‘lgan Endi Grouv aytganidek, «Vahimachilargina omon qolishadi».

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.