Smartfon – qo‘yningizdagi josus bo‘lmasin

Smartfon – qo‘yningizdagi josus bo‘lmasin

Maxfiy ma’lumotlarni e’lon qiluvchi WikiLeaks nodavlat tashkiloti o‘tayotgan haftada 8,000 sahifadan iborat “Vault 7″ nomli hujjatni e’lon qildi. Bu hujjat katta bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, AQSh huquqni muhofaza qilish organlari o‘z faoliyatlari davomida jinoyatchiliklarni yechish uchun fuqarolarning elektron qurilmalariga kirib, ma’lumotlardan noqonuniy foydalanib kelganlar.

Esingizda bo‘lsa, 2016 yilning fevral oyi o‘rtalarida Apple korporatsiyasi AQShning Federal tergov byurosiga San-Bernardino shahrida qotilliklarni amalga oshirgan shaxsning ayfonidagi ma’lumotlarni rasshifrovka qilishga yordam berishdan bo‘yin tovlagani uchun yirik nizolar kelib chiqqan edi.

Apple, Google va “Kremniy vodiysi”dagi boshqa axborot texnologiyalari ishlab chiqaruvchilari ularning devayslaridan foydalanayotgan mijozlarining qurilmalaridagi ma’lumotlarni shifrlaydilar, ya’ni o‘qib bo‘lmas kod ko‘rinishiga keltirish xizmatlarini ham taklif qiladilar. Va, hukumat muassasalari so‘ragan taqdirda ham, ma’lumotni koddan chiqarib berishni foydalanuvchiga nisbatan nohaqlik ekanini ta’kidlaydilar. Quyida amerikaliklar ayfonga nega sodiq ekanliklarini yana bir bor tushunib olamiz.

Smartfonni shifrlash turlari 
Smartfonni shifrlashning 2 ta turi bor. Har ikkalasi ham foydalanuvchining maxfiy xat-xabarlari va muloqotini begona, manfaatdor shaxslardan himoya qilishni anglatadi. Birinchi turi — sms-xatlarni shifrlaydi. “Harakatdagi ma’lumot” deb ham ataluvchi bu tur bir devaysdan ikkinchi devaysga borayotgan xabarni kodlab, 3-tomondagi hakkerlar tushunmaydigan ko‘rinishga keltiradi.

Shifrlashning 2-turi, “mufassal shifrlash” bo‘lib, hattoki dastur, smartfon ishlab chiqaruvchi yoki yetkazib beruvchi ham bu shifrlarni yecha olmaydi. Apple’ning iMessages xizmati aynan shunday xizmatni taklif qiladi. Hech bir hakker bu xizmatdan foydalanib, xat-xabar yuborgan odamlarning xatlarini kiber usullar bilan o‘g‘irlay olmaydi. Shu sababli ham, amerikaliklarning ko‘pi ayfonga ishqiboz.

Bunda qurilmadagi barcha ma’lumotlar, video hamda audiolar, ilovalar ham shifrlanadi. Bu shifrlash turi jinoyatchilar o‘rtasida keng tarqalgan. Android va iOS operatsion tizimlarining har ikkalasi bunday xizmatlarni taklif qilishadi. Shu bois, Google va Apple’ning sud hamda tergov byurolari bilan nizolari ko‘p kuzatiladi.

Smartfonda shifrlash nega kerak?
2015 yilda Apple rahbari Tim Kuk shunday degan: “Bugun sizning ayfoningizda, ehtimol o‘ta maxfiy shaxsiy yoki iqtisodiy ahamiyatga ega ma’lumotlar bo‘lishi mumkin. Bu yozishmalarni, shaxsiy munosabat hamda biznes sirlarni himoya qilishga bugungi faol internet foydalanuvchisi qodir emas. Boisi, hakkerlar turli yo‘llar bilan smartfon tizimiga kirishga, ma’lumotni olishga erishadilar. Ma’lumotlarni himoya qilishning yagona yo‘li — ularni shifrlashdir”.

Smartfonning shifrlanishi nega bahsli?

Smartfonni shifrlash orqali undagi ma’lumotlarni eng kuchli hakker va smartfonni ishlab chiqargan kompaniyadan ham himoyalash mumkin. Bu esa o‘g‘ri, giyohvand savdosi dillerlari, jinoyatchilar uchun ayni muddao. Ularni aniqlash uchun esa shifrlarni yechish kerak. Hozircha hukumatlarga bunga huquq beradigan asos mavjud emas.

2015 yilda bu mavzu AQSh prezidentligiga nomzod Hillari Klinton ishtirokidagi debatda ham hukumatga elektron qurilmalardagi ma’lumotlarni zarur mahalda rasshifrovka qilishga ruxsat berish-bermaslik masalasi ko‘tarilgan edi. Klinton xonim o‘shanda bu mavzuni yaxshi tushunmasligini, diqqatni kuchli mutaxassislar tayyorlashga qaratish kerakligini aytgan edi.

Smartfonni shifrlash uchun ommabop ilovalar
Bugunda “Signal”, “Silent Text”, “Silent Phone”, “iMessages”, “CryptoCat” kabi shifrlash ilovalari ommalashgan.
Ammo, bu yechim emas. Smartfondan foydalanish chog‘ida ehtiyot choralarini ko‘rish, jumladan unda maxfiy yoki shaxsiy ma’lumotlarni saqlamaslik sizni kiber jinoyatlar qurboniga aylanishdan saqlaydi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!