Smartfon radiatsiyasi sichqonda saratonni keltirib chiqardi, odamda-chi?

Smartfon radiatsiyasi sichqonda saratonni keltirib chiqardi, odamda-chi?

So‘nggi yillarda mobil aloqa, aniqrog‘i smartfonning inson salomatligiga ta’siri xususida ko‘plab bahs-munozaralar davom etmoqda. Biroq, bunday fikrlar odamlarni smartfondan yanada ko‘proq hamda faolroq foydalanishdan to‘xtatib qo‘ya olgani yo‘q.

Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumatining olimlari smartfondan tarqalayotgan to‘lqinning inson miyasiga ta’sirini yaqindan o‘rganib ko‘rishdi. Atrof-muhit ta’sirini o‘rganish milliy institutining Milliy toksikologiya loyihasi doirasida o‘tkazilgan sinov jarayonlari avvaliga sichqonlarda tatbiq qilindi.

Haddan tashqari radioaktiv nur yo‘naltirilganida, sichqonlarning 6 foizida yurakka yaqin hududdagi asab tolalarida o‘sma kasalligining rivojlanishi kuzatilgan. Gap shundaki, tajriba chog‘ida erkak sichqonlar inson smartfonda suhbatlashayotgan chog‘da hosil bo‘ladigan nurlanishdan bir necha barobar ko‘proq nur olgan. Aynan shu bois, ularning salomatligida muammolar kuzatilgan. Bunday nurlanish dozasi dunyodagi biror bir gadjetdan ajralib chiqmaydi.

Olimlarning xulosalariga ko‘ra, radioaktiv nurdan farqli ravishda, smartfon aloqaga ulanishi uchun o‘zidan tarqatayotgan radiochastota to‘lqinlari mutloq zararsiz ekan. Smartfondan foydalanish saratonni keltirib chiqaradi, degan fikr-mulohazalar mutloq asossiz ekan.

Radiochastota nurlanishidan farqli ravishda, rentgen yoki mikroto‘lqinli pechdan nurlanish zararli ekani qayd etilgan.

Shunday savol tug‘iladi: unda smartfon inson tanasida saratonni keltirib chiqarishi haqidagi ma’lumotlar qayerdan paydo bo‘lgan? Gap shundaki, bir necha yil oldin bir guruh olimlar smartfondan tarqalayotgan nurning zararli ekanini isbotlash uchun tajriba uchun tanlangan sichqonlarni 2 yil davomida kuniga 9 soat mobaynida tinimsiz nurlantirganlar. Inson bilan qiyoslansa, bu davr 70 yilni tashkil qiladi. Ya’ni, bu nurlanish insonlarga ta’sir qilishi uchun ularni 70 yil mobaynida to‘xtovsiz nurlantirish kerak bo‘lar edi.

AQSh hukumatining Oziq-ovqat va dori-darmon boshqarmasi ham 2 fevralda rasmiy bayonot bilan chiqqan va avvalgi tajriba amaldagi holatga to‘g‘ri kelmasligini, noto‘g‘ri usulda va sharoitda o‘tkazilganini e’lon qilgan.

Anglash mumkinki, smartfondan foydalanish chog‘ida undan taraladigan nurlanish darajasi o‘ta past. Amerika saraton jamiyati bosh shifokori Doktor Otis Braulining fikricha, smartfon va saraton o‘rtasidagi bog‘liqlik ehtimoli juda kam. "Biz smartfonlarga qo‘yilgan hozirgi xavfsizlik talablari odamlar salomatligi uchun bezarar ekaniga ishonamiz", deydi mutaxassis.

Mazkur tajriba natijalariga ko‘ra, kun davomida smartfonda soatlab suhbat qurgan taqdirda ham, bu sizning sog‘ligingizga ta’sir qilmaydi. Biroq, sarf qilinayotgan vaqtingizning chegaralangan ekanini yodda tuting.

Saraton asosan gamma-nurlanish, radon va rentgen nurlanish, ya’ni tanadagi kimyoviy moddalarga ta’sir qiladigan nurlanishlar bilan bog‘liq. Bunday radiatsiyada issiqlik ko‘rinishidagi quvvat hosil bo‘ladi. Smartfon va mikro to‘lqinli pechlardan esa ionlashmagan, xavfsiz to‘lqinlar ajralib chiqadi.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!