Smartfon sotib olmaslikning 5 sababi

Smartfon sotib olmaslikning 5 sababi

Marketologlar shunday piar qilishdiki, bugun odamlar ommaviy ravishda eng qimmat, eng so‘ngi smartfon modellarini sotib olish istagi bilan yonmoqda. Ha, bu rost. Ayrim mamlakatlarda yangi smartfonlar uchun tomdan tashlayotganlarni ham uchratayapmiz. Bu ham bir kasallikning yangi turi-da.

Biroq, aslida, o‘sha qimmatbaho telefonlarsiz ham yashash mumkinligini barchamiz yaxshi bilamiz. Har holda odamzod shu paytgacha “aqlli” matohlarga oshno bo‘lmagan. Agar sizni ham ana shunday brendlarga ishqivozlik kasalligi qiynayotgan bo‘lsa, aslo kuyinmang. Yurakka og‘ir olib, dard ortirib olmang tag‘in. Hozir sizga qimmatbaho smartfon-flagmenlarni sotib olmaslikning mutaxassislar aytgan 5 ta asosiy sababini keltiramiz. Erinmasangiz, o‘qib ko‘ring. Foydasi tegishi, bir oz tinchlantirishi mumkin.

1. Qimmat narx

Albatta, yaxshi mahsulot hech qachon arzon bo‘lmaydi. Ayniqsa, gadjetlar. Yangi va yaxshiroq avlodi chiqmagunicha smartfon-flagmenlar narxi aslo arzonlamaydi. Brend firma mahsuloti hamma joyda baland narxda. Shunday ekan, oddiy telefon uchun katta pul sarflab nima qilasiz?!

2. Flagmen texnologiyalarsiz ham yashash mumkin

Bugun ishlab chiqaruvchilar orasida ayovsiz raqobat kechmoqda. Hamma kompaniyalar megapiksellarni oshirish, protsessorni yanada kuchaytirish, akkumulyator quvvatiga quvvat qo‘shish “poyga”sida qatnashmoqda. Biroq arzimagan megapiksellarsiz, telefon quvvati o‘sha qimmat modeldan yarim soatga kamroq bo‘lsa, hayot to‘xtab qoladimi? Yo‘q, albatta. Bugun chiranib, kuchli xohish istaklar turtkisi bilan qo‘lga kiritganingiz abadiy qolmasligini bilarsiz balki!? Ishonmasangiz, smartfoningizni “akasi”, ya’ni bir yilgina avval ishlab chiqarilgan model bilan solishtirib ko‘ring:

Protsessor ikki marta kuchliroqmi? Qurilmaning tezligiga unga bog‘liq emas. Muhimi, operatsion tizimining optimallashtirilishi.

Kamera megapikseli kattaroq ekanmi? Ishoning, bu yerda detallashtirishda farq bor xolos. Ammo tasvirlar sifatida juda katta farq bo‘lmaydi. Megapiksel qancha katta bo‘lsa, uning tasviridagi shovqin ham shuncha kuchayadi. Bunda muhimi matritsaning o‘lchamidir. Qancha katta bo‘lsa, shuncha yaxshi.

Operativ xotira 4 GBgacha kattalashdimi? Android-smartfonlarning yaxshi ishlashi, shuningdek, turli o‘yinlar, musiqa, risoldagi veb-serfing uchun 2 GB xotira yetarli, aslida. Keling, yaxshisi, smartfon kompyuter emasligini unutmaylik.

Full HD ko‘rsatkichli 4K-displey? Sal xiraroq bo‘lsa nima qilibdi? Yuzdagi ajinlaru xusnbuzarlar ko‘rinmasa, ko‘rinbmadi-da.

3. O‘rtachasi ham yomon emas

Har narsada o‘rtachalik yaxshi, deyishadi. Smartfoningiz yirik, tiniq, yorqin ekran, barmoq skaneri, metall korpus, yaxshi kameraga egami? “Og‘ir” o‘yinlar(Asphalt 8, Modern Combat 5)ni o‘ynay oladimi? Demak, siz o‘rtacha yaxshi telefonga egasiz va bu yetarli. Narxi ham qimmat emas.

4. Flagmendan muddao ne?

Ko‘pchlik odamlarning sotib olgan so‘ngi rusumdagi qimmatbaho smartfoni turli ijtimoiy tarmoqlardagi muloqot, selfi, qo‘shiq tinglash yoki “yengil” o‘yinlar o‘ynash uchun xizmat qiladi. Alal-oqibati shu bo‘lsa, qimmat narxga flagmen smartfon olishdan ne naf?

5. Bugungi flagmen — ertaga oddiy telefon

Sir emas, ishlab chiqaruvchi o‘z flagmenlarini yiliga bir marta yangilaydi. Ya’ni siz yaqinda sotib olgan smartfoningiz tez “qariydi” yoki keyingisi chiqarilishi bilan “eski model”ga aylanadi. Bu bor gap. Lekin uning texnik tavsifida ko‘p ham o‘zgarish bo‘lmaydi. Zamon bilan hamisha hamqadam yuruvchilar “eski” degan nisbatni ko‘tara olmay, doim yangisiga intiladi. Bu istakni ishlab chiqaruvchilar avvaldanoq yaxshi bilishadi. Yiliga yangi mahsulot chiqarish orqali esa “istak qullari”ning cho‘ntaklarini boplab shilib olishadi.

“Lirik” chekinish

Yaqinda News.com.au sayti TNS kompaniyasining 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan odamlar orasida Avstraliyada o‘tkazgan tadqiqoti natijalarini e’lon qildi. Unda yozilishicha, smartfon foydalanuvchilari umumiy hisobda yiliga 49 kun o‘z sevimli gadjeti bilan muloqot qilar ekan. Shuningdek, kuniga o‘rtacha 3,2 soat vaqtini qurilma ekraniga termulib o‘tkazadi.

Ekpertlarning hisob-kitobiga ko‘ra, telefon foydalanuvchisi kuniga 150 marta ekranga qaraydi. 63 foiz “smartfon-bandalari” ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar lentasini kuzatsa, 50 foizga yaqini turli videoroliklarni ko‘radi. Ma’lum bo‘lishicha, zamonaviy smartfonlarga 60 tadan 70 tagacha ilovalar o‘rnatilgan bo‘lsa-da, shulardan, nari borsa, 10 tasi faol ishlatiladi, xolos.

Qissadan hissa

Telefon degani, unutmangki, birinchi galda, oddiy aloqa vositasi. “Eng so‘ngisi” ketidan quvmay, hozirgisiga ham qanoat qilish mumukin. Va yuqorida ta’kidlangan sabablar vaziyatni oydinlashtirib olish uchun yetarli, deb umid qilamiz. O‘zbekcha qilib aytganda, ko‘p ham nafsingizga erk bermay, ko‘rpaga qarab, oyoq uzatavering, kam bo‘lmaysiz!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!