Smartfon xaridida chalg‘itishi mumkin bo‘lgan 9 ta marketing uydirmasi

Smartfon xaridida chalg‘itishi mumkin bo‘lgan 9 ta marketing uydirmasi

2016 yilga kelib ilg‘or g‘oyalar bilan takomillashgan smartfonlar foydalanuvchi turmush tarzining eng muhim bo‘lagi, vositaga aylangani aniq. Smartfondan foydalanish, uni avaylash yuzasidan  2-3 yil oldingi qoidalar ham o‘zgarib, ularga hojat qolmadi. Shu bilan birga, xaridorni aldashi mumkin bo‘lgan turli marketing iboralar ham paydo bo‘ldi. Ammo buni ko‘pchilik hali ham bilmaydi. Hali ham, telefonni chala quvvatlantirishni,ilovalarni o‘chirib, smartfonni tezroq ishlatishni istaganlarga endi buning nafsiz ekanini eslatmoqchimiz. Quyida zamonaviy smartfonlar haqida odamlar amal qilayotgan umumiy “afsonalar”, marketing aldovlar haqida ma’lumot taqdim etmoqchimiz.

 1-uydirma. Quvvatlashdan oldin smartfonni to‘la quvvatsizlantirish kerakmi?

Bu qoida temir-nikel va nikel-metall gidridli akkumulyatorlarga taalluqli qoida bo‘lgan. Bunday akkumulyatorli smartfonlarni sotib olgach, avval to‘la quvvatsizlantirib keyin quvvatlash tavsiya qilinardi. Aks holda, keyinchalik ularda kimyoviy o‘zgarishlar sodir bo‘lardi. Misol uchun, akkumulyator 20 foizga to‘la bo‘lsa-yu, uni zaryadlasangiz akkumulyator keyinchalik ham faqat 80 % quvvat olishga o‘rganib qoladi. Ya’ni, elektr toki sig‘imi kamayib ketadi.

Bugun foydalanilayotgan litiy-ion batareyalarda esa “xotira” ta’siri yo‘q. Uning quvvatini kutib turish shartmas. Aksincha, ularni tez-tez quvvatlab turish ularning barqaror va uzoq ishlashiga yordam beradi. Boisi litiy-ion batareyaning hayoti uning quvvati bilan bog‘liq. Imkon qadar quvvat darajasini 50 %dan tushirmang. Shu bilan birga, asl quvvatlantirish moslamasidan foydalaning.

2- uydirma. Smartfonga antivirus o‘rnatish kerak?  

Android operatsion tizimiga kirish, jarayonni boshqarish va tizimning to‘g‘ri ishlashini nazorat qilish Linux yadrosi zimmasiga tushadi. Tizim xavfsizligi uchun ham Linux javob beradi. Tizimga virus kira olmaydi, ammo ilova ko‘rinishidagi zararli fayllar tushgan taqdirda ham, Linux yadrosi smartfon tizimidagi axborotni himoya qiladi. Ammo zararli fayl qo‘shimcha xotira tizimidagi ma’lumotlarni zararlashi mumkin.

Ya’ni, Android’ni zararlaydigan viruslar emas, zararli fayllar mavjud, xolos. Shu tufayli har bir ilovani yuklash, o‘rnatishdan avval uning xavfsiz ekaniga ishonch hosli qiling, shartlari bilan tanishing. Ularning shartlari orasida kamera tizimiga aralashish, SMS tizimlarini buzib kirish kabi shartlar ham bo‘lishi mumkin. Siz bilmagan holda ruxsat bersangiz, bunda zararli ilova smartfonni ishdan chiqaradi. Dastur-ilovalarni Google Play’dan oling.

3- uydirma. “Vazifalar menejeri” (task manager)dan ilovalarni o‘chirsa, telefon tezkroq ishlaydimi?

Bir necha yillardan buyon ilovalarni o‘chirish quvvatni tejashi, telefonni tezroq ishlashiga xizmat qilish haqida afsonalar yuradi.

Android dasturlari injiniringi bilan shug‘ullanuvchi jamoa vitse prezidenti Hiroshi Lokheymerning so‘zlariga ko‘ra, ilovalardan foydalanishni to‘xtatishning akkumulyator quvvatini tejashga hech qanday yordami tegmaydi. Aksincha, bu odat qurilmani ishdan chiqarishi mumkin.

Bu shunchaki axborot emas. Bu Android platformasini yaratgan ekspertning maslahati. Ilovalarni o‘chirib tashlash qanday qilib telefonga ta’sir qilishi mumkinligini tushunish uchun esa, ularda ko‘p funksiyalilik rejimi qanday ishlashi haqida bilib olish kerak bo‘ladi.

Android va iOS operatsion tizimlarida algoritm xotira boshqaruvi asosida ishlaydi. Ya’ni, ular o‘chirish zarur bo‘lgan ilovalarni, xususan ancha vaqtdan buyon ishlatilmay kelinayotgan, ko‘p joy egallagan yoki ko‘p quvvat yeydigan ilovalarni avtomatik ravishda yopib qo‘yadi.

Ba’zi istisnolar bor. Misol uchun, Facebook’ning “quvvat yeyuvchi” ekani ma’lum. Bunday haddan tashqari faol ilovalarni sozlamalar menyusidan kirib cheklash mumkin.

Har ikkala operatsion tizim foydalanuvchi ehtiyoj sezadigan, tez-tez murojaat qiladigan, siz yangilashni istaydigan ma’lumotlarga oid statistikani avtomat shakllantirib boradi.

Agar qurilma quvvatini tejashni istasangiz, buning boshqa usullari ham bor. Buning uchun ekran yorug‘ligini pasaytiring, ba’zi bir ko‘rinmas ilovalarning avtomatik yangilanish funksiyasini o‘chiring, iOS’da «past quvvat rejimi»ni, Android’da “Doze” tejamkor rejimini yoqing. Shu bilan birga, ilovalarning manzilni aniqlash funksiyalarini o‘chirib qo‘yish ham akkumulyatorga katta yordam beradi. Agar asabiy holatda bo‘lsangiz, tinchlanib olguningizga qadar smartfoningiz «Airplane Mode» rejimida turgani ma’qul.

4- uydirma. Protsessorda yadro qancha ko‘p bo‘lsa, smartfon shuncha tez ishlaydimi?

Yadro toshi ko‘pligi, chastota tezligi yuqoriligi, ekran va kameraning piksel sig‘imi yuqori bo‘lishi xaridorni ko‘zini shamg‘alat qiladi. Ammo bular doim ham o‘zini oqlamagan.

Misol uchun, 2015 yilda MediaTek kompaniyasi ilk 10 yadroli Helio X20 protsessorini taqdim qilgan edi. Unda 2 emas, 3 turdagi (1,4, 2 va 2,5 GGs chastota tezligidagi) yadrodan foydalanilgan. Shunday bo‘lsa ham, Helio X20 elektron qurilmalar samaradorligini baholash benchmarkida yuqori natija qayd eta olmadi.

Vaholanki, 2 yadroli Apple protsessorlari samaradorlik jihatdan doimo peshqadam. Ya’ni, dasturiy va apparat ta’minoti dasturlarini optimallashtirishga ham ko‘p narsa bog‘liq.

5- uydirma. Megapiksel qancha katta bo‘lsa, kamera shuncha yaxshi surat olishi haqida.

Ayni paytda smartfon kameralarini baholashda uning piksel sig‘imiga e’tibor qaratish odatiy holga aylandi. Buni marketing “quroli” deyish mumkin. Aslida piksel sig‘imi bor-yo‘g‘i qurat o‘lchamiga ta’sir o‘tkazadi.

Ammo piksel sifatiga ta’sir o‘tkazuvchi omil kameraning yorug‘likni qanchalik keng qamrab olishidir, ya’ni ob’yektivning diafragma o‘lchami. Diafragma kameraga yorug‘lik tushish maydonini nazorat qiladi. Kameraga yorug‘lik qanchalik ko‘p tushsa, surat shu qadar tiniq, ortiqcha xiraliklardan holi, dinamik diapazon ham keng bo‘ladi.

Shu tufayli ham smartfon haqidagi reklama roliklarida piksel emas, kamera ob’yektivining diafragmasi e’tirof etiladi. Misol uchun, Samsung Galaxy S7’ning  pikseli (12) Galaxy S6’dan (16) past. Ammo, Galaxy S7 olgan suratlar Galaxy S6’nikidan ancha-muncha sifatli.

Shu bilan birga, smartfonda surat olishda kamera emas, suratni qayta ishlash dasturining algoritmi ham ahamiyatga ega. Yaxshi kamera ham ba’zida sifatli suratga ololmasligi mumkin.

6- uydirma. Tezkor quvvatlantirish akkumulyator uchun zararli?

AQShning SLAC National Acceleration Laboratory markazi 2014 yilda tadqiqot o‘tkazib, batareya elektrodlari tezkor yoki odatiy quvvatlagan taqdirda ham quvvatni tez va asta-sekin uzatish imkoniga ega ekanligini aniqladi. Bu esa tezkor quvvatalash akkumulyatorni ishdan chiqaradi degan taxminni rad etadi.

7- uydirma. Bluetooth yoqiq qolsa, smartfon ko‘p quvvat yeydi.

Nazariy jihatdan biror modulning yoqiq qolib ketishi smartfonning ko‘proq quvvat yeyishiga sabab bo‘lishi bor gap. Lekin zamoanviy smartfonlarga Bluetooth 4.0 va Low Energy (past quvvat) protokoli tatbiq qilingan. Bu texnologiyalar tatbiq qilingani uchun Bluetooth yegan quvvat sezilmaydi ham.

8- uydirma. Displey sig‘imi qancha yuqori bo‘lsa, u shuncha sifatli bo‘ladi.

Texnologiya marketologlari o‘rtasidagi poygada kompaniyalar ekran zichligini maqtab, xaridor chaqirishga kirishib ketishdi. Ular har dyuymda 350-400 piksel belgi borligini aytib, boshqa jihatdan nozik gadjetlarni ham “o‘tkazishmoqda”. Aslida inson ko‘zining piksel ajrata olish qobiliyati chegaralangan. Biz har dyuymda uzog‘i bilan 300 pikselni ajrata olishimiz mumkin. Undan oshig‘ining esa sifatga daxli yo‘q.

Unutmang, displey yuqori piksel zichligiga ega bo‘lishi barobarida smartfonning grafik-tasvir protsessori ham shunga yarasha kuchli bo‘lishi kerak. Bu esa smartfonning quvvat iste’molini ham oshiradi.

9- uydirma. Smartfon tezkor ishlashi tezkor xotira sig‘imiga bog‘liq emas.

RAM, ya’ni tezkor xotira sig‘imi yuqori bo‘lsa, smartfon ham tezkor ishlaydi degan uydirma ham ma’lum ma’noda marketingchilar nayrangi. Bugun 6 GB tezkor xotiraga ega smartfonlar chiqib ketdi. Ammo ularning ishlash tezligi 2-3 GB tezkor xotirali gadjetlarniki bilan deyarli bir xil.

Smartfon uchun 2 GB tezkor xotira yetib ortadi. Film ko‘rish, internetga kirish yoki musiqa tinglash uchun shuning o‘zi kifoya. Agar haddan ziyod elektron o‘yinlar shaydosi bo‘lsangiz, unda 3-4 GB yetadi. Ortig‘i uchun to‘lash nafsiz va cho‘ntakka zarar.