Smartfonda nechta va qanday datchiklar bo‘ladi?

  •   DiMaX
  •  3451
  •  12.04.2017 18:18

Smartfonda nechta va qanday datchiklar bo‘ladi?

Hayotimizga tobora chuqur kirib kelayotgan smartfonlar tashqi olamdan ma’lumot oluvchi bir qancha datchiklarga ega. Keling, ularni sanab o‘tamiz.

Eng ko‘p ishlatiluvchi datchiklardan biri – akselerometr. U telefonning harakatlanishi tezligini aniqlaydi. Qurilmani istalgan tomonga harakatlantirsangiz, bu datchik shkalasi qiyshiq chiziqlarni aks ettiradi; to‘xtatsangiz – o‘ziga keladi. Shu datchikning o‘zi devaysning makondagi uchta o‘qqa (shimol-janub, g‘arb-sharq, yuqori-past) nisbatan mo‘ljalini aniqlash uchun ham qo‘llanadi. Ilovalar esa mazkur datchik aniqlagan ma’lumotlardan telefonning qay holatda – ekrani tepaga yoki yon tomonga qarab turganini, tikka yoki yonbosh ushlanganini aniqlash uchun foydalanadi.

Giroskop ham smartfonning makondagi joylashuv holatini aniqlaydigan datchik, ammo u katta aniqlik bilan o‘lchaydi. Bu sensor tufayli kameraning Android Photo Sphere funksiyasi telefonning qaysi tomonga va qanday burchak ostida egilganini aniqlaydi. Shuningdek, Sky Map Google ham bu datchik ma’lumotlaridan foydalanadi.

Ko‘pchilik gadjetlarda mavjud bo‘lgan yana bir datchik – magnitometr hisoblanadi. Nomidan ma’lumki, u magnit maydonlarini aniqlashga xizmat qiladi. Magnitometr – sayyoraning shimoliy qutbini ko‘rsatish uchun kompas qo‘llaydigan datchiklardan biri. Metallni aniqlash uchun ishlab chiqilgan ilovalar ham ushbu datchik xizmatidan foydalanadi.

Yaqinlashuv datchigi esa infraqizil yorug‘lik-diodi hamda IQ-detektordan iborat. Uning telefondagi suhbatda ovoz chiqarish tirqishi yonida joylashgani ham bejiz emas. Qachonki smartfonni qulog‘ingizga yaqinlashtirsangiz, tizim sizning gaplashmoqchi ekaningizni shu datchik orqali aniqlaydi va ekran yorug‘ligini o‘chirib turadi. Mazkur datchik sensori inson ko‘ziga ko‘rinmaydigan infraqizil nurlariga asoslangan: u chiqargan nur ro‘parasidagi ob’yektga urilib qaytganida IQ-detektor buni aniqlaydi.

Yorug‘lik datchigi telefonning atrofidagi muhit qanchalik yorug‘ ekanligini aniqlaydi. Tizimdagi dasturiy ta’minot esa bu ma’lumotlardan displey yorqinligini avtomatik sozlash uchun foydalanadi. Ya’ni, atrof qanchalik yorug‘ bo‘lsa, ekran ham shuncha kuchli yoritiladi, qorong‘ida esa displey nuri ham kamaytiriladi.

Yuqori toifadagi smartfonlarda yana barometr – atmosfera bosimi datchigi ham bo‘ladi. Uning yordamida olingan ma’lumotlar sizning dengiz sathidan qanchalik yuqorida joylashganingizni aniqlash uchun qo‘llanadi, bu esa GPS ma’lumotlarining yanada aniqligiga olib keladi.

Samsung Galaxy S4 yangi chiqqan paytlari unda atrofdagi haroratni o‘lchaydigan termometr mavjudligi aytilgandi. Umuman olganda, istalgan smartfonda termometr bor, ayrimlarida hatto bittadan ortiq ham. Farqi shundaki, ko‘pincha ular qurilmaning ichkarisidagi hamda batareyadagi haroratni nazorat etib turish uchun qo‘llanadi. Agar ichkarida isish kuzatilsa, shikastlanishning oldini olish uchun tizim o‘z-o‘zidan o‘chib qoladi.

Galaxy S4’ga kelsak, unda birinchi bo‘lib smartfondagi havo namligi datchigi qo‘llangan. U taqdim etgan ko‘rsatkichlar esa S Health ilovasi tomonidan qo‘llanib, foydalanuvchining maqbul sharoitda – me’yordagi harorat va namlik muhitida ekanligini aniqlashga xizmat qilgan.

Gap aylanib salomatlik va fitnesga kelgan ekan, qadam o‘lchovchi datchik (shagomer) haqida ham to‘xtalib o‘tamiz. U foydalanuvchi tashlagan qadamlarni sanab boradi. Bunaqa ma’lumotlar odatda qurilmadagi akselerometr yordamida ham olinadi, lekin maxsus shagomer ancha aniq va samarali ishlaydi. Masalan, Google Nexus 5 haqiqiy qadam o‘lchagich o‘rnatilgan kam sonli telefonlar qatoriga kiradi.

Salomatlik bilan bog‘liq yana bir datchik esa yurak ritmi monitori hisoblanadi. Payqagan bo‘lsangiz kerak, u pulsni o‘lchash uchun ishlab chiqilgan va barmoqdagi mayda qon tomirlarining urishini tekshirish asosida ishlaydi.

Barmoq haqida gap ketganida, hozirda ko‘pchilik smartfonlarga o‘rnatilayotgan yana bir datchik – barmoq izi skaneri ham tilga olinishi tabiiy. Ular qurilma ekranini blokdan chiqarish uchun qo‘llanadigan qo‘shimcha himoya vositasidir.

Telefonga o‘rnatilishi mumkinligini siz bilan biz xayolimizga ham keltirmagan yana bir datchik bor – zararli nurlanishlar datchigi. Sharp Pantone 5 smartfonida shunaqa datchik o‘rnatilgan va bu model faqat Yaponiya uchun maxsus ishlab chiqarilgan. Qurilmaning maxsus tugmachasi orqali chaqiriladigan ilova atrofdagi nurlanish darajasini aniqlab beradi.

Mikrofon va kameralarni ham qo‘shsak, ro‘yxatimizdagi datchiklar soni naq 14 taga yetar ekan! Bular – smartfonlar yetarlicha ma’lumot to‘plashi uchun xizmat qiluvchi vositalardir. Yil sayin qurilmalar tobora turli yangi funksiya va jihozlar bilan boyitilib borayotganini hisobga olsak, mazkur ro‘yxat yana o‘sib borishini tushunish qiyin emas.