Smartfonga virusni ishlab chiqaruvchi nega joylashtiradi?

Smartfonga virusni ishlab chiqaruvchi nega joylashtiradi?

Axborot xavfsizligi va viruslarga qarshi yechim va tizimlar ishlab chiqaruvchi “Doktor Veb” muassasasi mutaxassislarining e’lon qilishlaricha, aksariyat taniqli smartfon ishlab chiqaruvchilari viruslarni smartfonlarga o‘zlari joylashtirib qo‘yadilar. Bu to‘g‘rida kompaniyaning bosh direktori Boris Sharov ham rasman e’lon qildi.

Antivirus dasturlari hamda shu yo‘nalishda davriy tadqiqotlari bilan tanilgan “Doktor Veb” kompaniyasi bu xulosaga o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqotdan keyin kelgan. Izlanishlar davomida ko‘plab yangi smartfonlar o‘rganilgan. Natijada, 40 dan oshiq smartfon modellarida zararli fayllar aniqlangan.

“Smartfon foydalanuvchilari bizga bizning antivirus dasturimiz ularning smartfonlaridagi zararli faylni aniqlaganini yozadilar. Biz bu borada maxsus o‘rganish va tahlillarni o‘tkazib shunga amin bo‘ldikki, bu viruslar smartfonning tizimida avvalboshdanoq bo‘lgan. Vaholanki, bu qismga foydalanish chog‘ida virusning tushishi mumkin emas. Ya’ni, smartfon zavodda ishlab chiqarilayotganida bunday zararli fayllar tizimga joylashtirilgan bo‘ladi”, — deydi Sharov.

Eng qiziq tomoni, bunday muammo hozircha xitoylik smartfon ishlab chiqaruvchilarining Android smartfonlarida kuzatilmoqda.Ular orasida Leagoo, Zopo Speed 7 Plus, UHANS A101, Doogee, Umi London, Tesla SP6.2, Haier T51 hamda Cherry Mobile Flare kabi modellar bor. Bu smartfon modellari bugun jahon gadjetlar bozorida ham tez ommalashmoqda.

To‘g‘ri, bu xabar ishlab chiqaruvchilarning nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, biroq foydalanuvchilarning xavfsizligi hammasidan muhim. Bunday muammolar boshqa smartfon brendlarida ham uchrashi mumkin.

Sharovning ma’lum qilishicha, smartfonlarda aniqlanayotgan bunday viruslar ko‘p narsaga qodir: smartfonga dasturlarni o‘rnatish, ma’lumotlarni o‘g‘irlash hamda egalariga yetkazish.

Shu kunlarda AQSh hukumati ham Xitoyning ayrim smartfon brendlarini olib kirishni taqiqlash bo‘yicha choralar ko‘rish rejasida yuribdi. Boisi, hukumat vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ayrim smartfon brendlari Xitoy hukumatiga ishlaydi va elektronika vositalari yordamida josuslikni amalga oshiradilar, zarur axborotlarni o‘g‘irlaydilar.