Smartfoningiz ta’qibidan qutulishni bilasizmi?

  •   DiMaX
  •  4028
  •  10.05.2017 14:04

Smartfoningiz ta’qibidan qutulishni bilasizmi?

Zamonaviy smartfonlar o‘z egalarining qayerlarda bo‘lishini bilishadi va bu haqdagi ma’lumotlarni saqlab qo‘yishadi. Ha, hatto shu qo‘lingizdagi telefoningiz ham sizni ta’qib etadi. Biz esa quyida mana shu ta’qibdan qutulish yo‘llarini ko‘rib chiqamiz.

Kim ruxsat bergan ularga!?

Balki siz o‘ylab ham ko‘rmagandirsiz, ammo, agarda smartfoningizda GPS-modul mavjud bo‘lib, siz undagi geolokatsiya sozlamalarini o‘zgartirmagan bo‘lsangiz, u holda gadjetingiz siz borgan joylarni eslab qoladi va bu ma’lumotlarni maxsus jurnalda qayd etib boradi. Qo‘lingizdagi «do‘st»ingiz iPhone bo‘ladimi yo istalgan modeldagi Android-smartfonmi – farqi yo‘q, u sizni mudom kuzatib yuradi.

Bunga esa o‘zingiz ruxsat bergansiz. Ha, ishonavering – foydalanuvchi bitimiga rozilik bergansiz-ku, to‘g‘rimi? O‘shanda uni o‘qib ham ko‘rmaganingizni eslaysizmi?

Apple va Google buni shunday izohlashadi: bunda to‘plangan ma’lumot o‘zlarining servislari bilan ishlashda samarali natijalar bo‘lishini ta’minlash uchun zarur. Masalan, iOS’da joylashuv haqidagi ma’lumotlardan ob-havo ma’lumotlarini berishda, xaritalardagi yo‘nalishlarni aniqlashda va fotosuratlardagi geoteglarni qo‘llashda foydalaniladi. Android’da esa joylashuvlar tarixi Google’ga eng maqbul yo‘nalishlarni taklif etish hamda qidiruvda yanada aniqroq natijalarni berish uchun yordam beradi.

Joylashuvlar tarixini qanday ko‘ramiz?

O‘zingiz borgan joylar tarixini mobil qurilmangiz qanday qayd etib borgan – ko‘rishni istaysizmi?

Buning uchun, agarda iOS tizimli gadjetdan foydalanayotgan bo‘lsangiz, uning sozlamalaridagi mana bu manzilga kirishingiz kerak: «Nastroyki» → «Konfidensialnost» → «Slujbi geolokatsii» → «Sistemnie slujbi» → «Chasto poseщayemie mesta». Shu yerdagi joylashuvlar tarixida, ya’ni «Istoriya» bo‘limida siz o‘zingiz tez-tez borib turadigan joylarni ko‘rishingiz mumkin. Undagi har bir yozuvni ochish va o‘sha o‘zingiz borgan joy koordinatlarini xaritada ko‘rish imkoni ham mavjud.

Android tizimli devayslarda ham bunday statistika yuritiladi. Uni quyidagi manzilda ko‘rasiz: «Mestopolojeniye» → «Istoriya mestopolojeniy».

Bulardan tashqari, siz istalgan bir qurilmada Google servislaridan foydalanayotgan bo‘lsangiz, sizning oxirgi borgan joylaringiz Google Maps’ning veb-versiyasida aks etadi. Unda anchayin batafsil ma’lumot to‘plangan bo‘ladi: joylar xaritada nuqtalar tarzida ko‘rsatilgan bo‘ladi, yana sanalar bo‘yicha saralash imkoni ham bor. Agarda tegishli funksiya yoqiq bo‘lsa, qaysi kuni qayerga borganingizni kuzatishingiz ham mumkin.

Bu ma’lumotlarni yo‘qotish va ta’qibni to‘xtatish mumkin

Mazkur kompaniyalar sizning ushbu shaxsiy ma’lumotlaringizdan anonim asosda foydalanishlarini ta’kidlashadi. Lekin, agarda sizga bu yoqmasa, bunga chek qo‘yishingiz mumkin. Buni amalga oshirish ham aytarli qiyin emas, faqat ta’qibni cheklash usuli devaysingizdagi operatsion tizimga bog‘liq.

iOS tizimli devayslarda tizim xizmatlarining «Chasto poseщayemie mesta», ya’ni «Tez-tez borib turiladigan joylar» bo‘limida xuddi shu nomdagi tumblerni o‘chirib qo‘yishingiz lozim. O‘sha yerning o‘zida yana, joylashuvlar tarixini tozalash uchun «Ochistit istoriyu» tugmachasi ham bor. Shuni bossangiz, sizning qayerlarga borganligingiz haqidagi smartfoningiz to‘plagan barcha ma’lumotlar o‘chirib yuboriladi.

Android tizimli qurilmalarda esa mazkur tumbler geolokatsiya sozlamalarining «Istoriya mestopolojeniy» bo‘limida joylashgan. Borgan joylaringiz haqidagi ma’lumotlarni o‘chirish uchun esa, «Udalit istoriyu mestopolojeniy» tugmachasini bosishingiz va bu qaroringizni tasdiqlashingiz zarur.

Shu harakatlarni amalga oshirganingizdan so‘ng smartfoningiz sizning qayerlarga borganingizni ta’qib etmay qo‘yadi va borgan joylaringizni saqlab qo‘ymaydi.

Darvoqe, smartfoningizning ta’qibidan tashqari, yana Google ta’qibidan qutulish, Facebook kuzatuvini cheklash hamda Windows 10 kuzatishlariga chek qo‘yish yo‘llarini ham o‘rganib qo‘ysangiz, zarar qilmaydi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!