Smartfoningizga AnTuTu benchmarkini o‘rnatishingizga Google nega qarshi chiqyapti?

  •   DiMaX
  •  1123
  •  07.07.2020 11:15

Smartfoningizga AnTuTu benchmarkini o‘rnatishingizga Google nega qarshi chiqyapti?

Eng ommabop benchmarklardan bo‘lgan AnTuTu ilovasi mart oyida Google Play katalogidan olib tashlangan edi. O‘shanda buni anglashilmovchilik, deb baholashgan edi, biroq hozirgacha bu borada vaziyat o‘nglanmagan.

O‘QING: Ushbu ilovalar smartfoningizda bo‘lsa, tezda o‘chirib qutuling!

Vaziyat nafaqat o‘nglanmadi, balki hatto yanada chigallashdi ham – negadir Google ushbu benchmarkka qarshilikni oshirdi. Endi qurilmaga AnTuTu dasturini apk-fayl orqali o‘rnatishda ham Play Protect xizmati uni xavfli fayl, deya ogohlantirmoqda. Tizimning ta’kidlashicha, bu benchmark foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlarini yig‘ar emish.

Bunisiyam mayli, Google Chrome mobil brauzeri orqali AnTuTu saytidagi apk-faylni yuklab olish sahifasiga o‘tkazmayapti – undayam shunaqa xavf bor, deyapti. To‘g‘ri, bularni chetlab o‘tib (masalan, boshqa istalgan brauzer orqali), ilovaning o‘rnatiluvchi faylini ko‘chirib olish mumkin. Lekin uni o‘rnatishda Google yana qarshi chiqyapti! Shunda ham «Ustanovit v lyubom sluchaye» tugmachasi orqali ilovani o‘rnatsa bo‘ladi.

Eng qizig‘i esa, Google’ning o‘zi mart oyidan buyon bu borada birorta ham rasmiy izoh bermayapti. AnTuTu vakillari ham o‘shanda buning tushunmovchilik ekanligini aytganlaridan beri jim turishibdi.

O‘QING: Eng kuchli hamyonbop smartfonlar (AnTuTu reytingi, 2020 yil iyun)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!