Smartfonlar 10 yilda qanchalik o‘zgardi?

  •   DiMaX
  •  1343
  •  05.05.2017 15:35

Smartfonlar 10 yilda qanchalik o‘zgardi?

Bizning ko‘zimiz o‘rganib qolgan – hozirgi ko‘rinishdagi smartfonlarning paydo bo‘lganiga 10 yil to‘lyapti. 2007 yildan beri qancha suvlar oqib o‘tdi, texnologiyalar ancha ilgariladi. Jumladan, smartfonlar rivoji ham misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. Aytish mumkinki, o‘sha paytdagi ilg‘or flagmanlar – bugungi ilg‘or smartfonlar oldida kalkulyatordek gap.

Xullas, bugun smartfonlarning qaysi jihatlari qanchalik o‘zgarganini bir ko‘rib chiqamiz. Eng qizig‘i – shu o‘n yil mobaynida ulardagi muhim bir parametr UMUMAN o‘zgarmagan! Qaysi ko‘rsatkichi o‘zgarmaganiga siz ham qiziqyapsizmi? Shoshmang, bir chekkadan boshlaymiz…

Protsessor: samaradorlik 50 baravarga oshdi

ARM-arxitektura standartlari bo‘yicha ishlab chiqilgan protsessorlar go‘yoki aynan uyali telefonlar uchun yaratilgandek. Ammo aslida bu texnologiyaning ildizi o‘tgan asrning 80-yillariga borib taqaladi. Hozirgi smartfonlar esa u davrlarda hali salkam ilmiy fantastika edi.

2007 yili smartfonlar chiqishi arafasida ARM-arxitektura standartidagi protsessor texnologiyasi yaxshilab qayta ishlandi, bunga smartfonlarning birinchilari – cho‘ntak shaxsiy kompyuterlari bozori ham turtki bergandi. Ilk smartfon – iPhone 2G modelida Samsung S3C6400 ARM11 protsessori o‘rnatilgan edi. Energiya xarjini kamaytirish maqsadida uni 620 MGs emas, balki 412 MGs chastotada ishlaydigan qilishgandi.

ARM 11-avlod protsessorlari har bir megagersga bitta DMIPS’dan kamroq samaradorlikka ega edi. Cortex-A72 yadrolari esa 6,35 DMIPS/MGs ko‘rsatkichga ega. Qo‘polroq qilib solishtirganda, zamonaviy sakkiz yadroli protsessor o‘n yil avvalgi ajdodiga nisbatan 50–60 karra yuqori samaradorlikka ega.

Tezkor xotira: 8 karra tezkorroq, uch karra tejamkorroq

Mobil qurilmalar uchun maxsus Low Power DDR (LPDDR) standarti ishlab chiqilgan, birinchi navbatda u kompyuterlar tezkor xotiralari modullariga nisbatan kam energiya talab etishi bilan ajralib turadi. Taraqqiyotning asosiy yo‘nalishi – ma’lumot almashish tezligining oshishi va energiya sarfining kamayishidir.

2007 yili birinchi avlod LPDDR xotiralari 400 MT/s (soniyasiga millionta tranzaksiya) ko‘rsatkichini namoyon etgan. Bugungi LPDDR4 esa 3200 MT/s sakkiz marta katta ko‘rsatkichga ega. Mobil «operativka»ning energiya sarfi qanchalik kamayganini esa quyidagi surat aks ettiradi:

Ichki (doimiy) xotira hajmining katta bo‘lishi – aksariyat foydalanuvchilarning muhim talablaridan biridir, ayniqsa, microSD uchun joy ajratilmagan qurilmalarda. Bugungi ilg‘or gadjetlar 256 GBgacha doimiy xotiraga ega; dastlabki smartfonlarda u 4 gigabaytga teng bo‘lganini hisobga olsak, o‘sish 64 karra ekaniga guvoh bo‘lamiz.

Mobil internet: soniyasiga 384 Kbitdan 100 Mbitgacha

Qanchalik g‘alati tuyulmasin, havo orqali ma’lumotlar uzatish texnologiyasining rivojlanishi ham xuddi o‘sha xususiyatlarga bog‘liq: ular imkon qadar kam energiya sarflagan holda iloji boricha yuqori tezlikda ma’lumot uzata bilishlari kerak.

Bugun amalda bo‘lgan (va toki 5G joriy etilguniga qadar kechadigan bir necha yilda ham foydalaniladigan) uyali aloqa texnologiyalari smartfon ishlab chiqaruvchilar tomonidan 2012 yilgacha o‘zlashtirib bo‘lingan. Ayni o‘sha yildan boshlab barcha yirik ishlab chiqaruvchilar LTE texnologiyasini qo‘llab-quvvatlovchi qurilmalarini taklif etganlar. Mazkur texnologiya bugungi kunda ham ko‘p oqimli video ijrosini ta’minlab beradigan darajadagi tezlikka ega: o‘rtacha 10 Mbit/s, LTE-A tarmog‘ida – eng yuqori cho‘qqida esa 100 Mbit/s.

Ilk smartfonlar (birinchi iPhone ham) internetga EDGE texnologiyasi bo‘yicha 384 Kbit/s (48 KB/s)gacha bo‘lgan tezlikda kirganligiga bugun ishonish qiyin; 3G texnologiyasi (2 Mbit/s.gacha) esa umuman katta burilish hisoblangan.

Smartfonsozlikda «boshlang‘ich» Wi-Fi standarti – IEEE 802.11g hisoblanadi: u 2,4 GGs signal chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi va 54 Mbit/s.gacha tezlikni ta’minlab beradi. 2009 yili Wi-Fi’ning n standarti sertifikatlandi; unda 600 Mbit/s.gacha tezlikda ma’lumot uzatiladi va u 5 GGs.ga teng ikkinchi chastotani qo‘llab-quvvatlaydi. 2014 yilning yanvarida bo‘lsa Wi-Fi’ning yangi – 802.11as standarti tasdiqlandi, hozirgi kunda barcha yetakchi ishlab chiqaruvchilarning flagmanlari uni qo‘llab-quvvatlaydi. Uning nazariy tezligi ishonarsiz darajada katta – 6,77 Gbit/s!

Displey: batafsilroq va yorqinroq

Zamonaviy flagmanlarning ekranlari WHD+, ya’ni 2960×1440 nuqtali (600 ppi) sig‘imga ega (Sony XZ Premium modelidagi 3840×2160 nuqtali 804 ppi sig‘imini hozircha tajribaviy qadam, deb hisoblaymiz). Ilk smartfonlarning displeylarining sig‘imdorligi hatto 200 ppi’ga ham yetmagan, diagonali esa salkam ikki baravarga kichkina bo‘lgan. Biroq ekran o‘lchamlari va piksellar zichligi bo‘yicha poyga – tanganing bir tomoni, xolos.

Tanganing ikkinchi tomonida esa qimmatbaho energiyaning saqlanishi, ranglar uzatilishining jonliligi va aniqligi (jumladan, burchakdan qaraganda ham) turadi. Aynan mana shu parametrlar displeylarning turli texnologiyalari rivojlanishida asosiy ko‘rsatkich hisoblanadi. Ulardan bugungi kunda eng keng tarqalganlari – turli modifikatsiyalardagi IPS va AMOLED texnologiyalari sanaladi. Yildan-yilga texnologiyalar rivojlanib bormoqda, oddiy foydalanuvchi shunchaki ko‘zi bilan qarab, turli matritsalardagi tasvirlarni ajratishi ham qiyinlashib borayotir.

Chapda – IPS, o‘ngda – AMOLED

Akkumulyator: 10 yilda shugina o‘zgarish!?

E’tibor bergan bo‘lsangiz, yuqorida sanab o‘tilgan qismlardan har birida muhim bir parametr ta’kidlab o‘tilgan – energiya sarfi masalasi! Ishlab chiqaruvchilar yil sayin turli modullarning energiya xarjlashini imkon qadar qisqartirib kelishmoqda. Bu orada Android-smartfonlar akkumulyatorlarining nominal sig‘imi o‘rtacha ikki baravarga oshdi. Masalan, ommaviy HTC Hero modeli 1340 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan bo‘lsa, hozirda batareyaning «odatiy» sig‘imi 3000 mA/soatga teng, deyish mumkin.

Qizig‘i, Apple olamida vaziyat umuman o‘zgacha: iPhone 7 akkumulyatori sig‘imdorligi (1960 mA/soat) shu lineykadagi ilk smartfondagiga (1400 mA/soat) nisbatan atigi 560 mA/soatga katta! Ammo batareyaning to‘ldirilishi vaqti qisqardi hamda simsiz quvvatlash texnologiyasi yo‘lga qo‘yildi.

Bu yillar davomida o‘zgarmagan yagona jihat – smartfonning batareyadan real ishlash vaqti. «O‘rtacha» aqlli telefon 10 yil avval ham quvvatlashsiz bir sutka ishlab bera olar edi, hozir ham ahvol shunaqa! To‘g‘ri, batareyasi baquvvat smartfonlar ham bor, ammo ular alohida masala.

Tushunamiz – energiyaning asosiy iste’molchisi bo‘lgan ekranlar kattalashgan, yorqinlashgan. Yana mobil kontent – videolar, rasmlar, o‘yinlar «og‘irlashgan». Biroq o‘n yilda ham bu ko‘rsatkichning aytarli o‘zgarmagani kishini shubhaga soladi. Balki, ishlab chiqaruvchilar atayin bizni zarurat minimumi darajasida ushlab turishgandir: batareya quvvati kechgacha yetishi lozim. Kechqurun baribir uyga qaytamiz va smartfonni quvvatlashga qo‘yamiz. Shundoq ham sig‘imi kam bo‘lgan akkumulyator esa, ko‘p sonli quvvatlashlar sababli tezroq eskiradi. Bu esa birato‘la smartfonni yangilash uchun bir bahona bo‘ladi. Natijada ishlab chiqaruvchilar bizga yana yangi qurilmalarini sotishadi…

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!