Smartfonlarni UZIMEI tizimida noqonuniy ro‘yxatdan o‘tkazib kelgan jinoiy guruh fosh etildi!

  •   DiMaX
  •  1076
  •  09.09.2020 22:20

Smartfonlarni UZIMEI tizimida noqonuniy ro‘yxatdan o‘tkazib kelgan jinoiy guruh fosh etildi!

AKT vazirligi xorijdan kirgan fuqarolar nomiga, ularning o‘zlariga bildirmasdan mobil qurilmalarni IMEI-kod bo‘yicha ro‘yxatga olish holatlari yuzasidan rasmiy bayonot bergan edi. Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasi esa shunday muammoga duch kelgan fuqarolar qayerga murojaat etishlari kerakligi borasida bayonot bergan.

O‘QING: IMEI nima va uning ahamiyati nimada?

 So‘ngi vaqtlarda mobil qurilmalarni UZIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq muammoli holatlar ijtimoiy tarmoqlarda dolzarb mavzuga aylandi. Ushbu muammoli masala yuzasidan boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar qatorida Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan ham bir qator choralar amalga oshirildi, deyiladi Qo‘mita bayonotida.

Xususan, Davlat bojxona qo‘mitasining 11-08 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali mazkur masala yuzasidan fuqarolarning murojaatlari ko‘rib chiqilishi yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, qonunbuzarlik holatlarini aniqlash borasida olib borilgan tadbirlar natijasida ro‘yxatdan o‘tmagan mobil qurilmalarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali harakatlangan fuqarolarning nomlariga noqonuniy yo‘llar bilan ro‘yxatga qo‘yish, shaxslarga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ib, saqlab, ulardan g‘arazli niyatlarda foydalanib kelayotgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.

O‘QING: DIQQAT: O‘zbekistonda telefon sotib olsangiz, IMEI-kod uchun siz pul to‘lamaysiz!

Aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O.A. sheriklari M.B. va T.R.lar bilan tuzgan o‘zaro jinoiy rejaga ko‘ra qo‘shni davlatlarga o‘tishib, u yerda O‘zbekistonga kirib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining pasport ma’lumotlarini telefon yordamida rasmga tushirib, Telegram orqali yuborib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan mobil qurilmalarni UZIMEI tizimi orqali ushbu fuqarolar nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelishgan.

Birgina fuqaro B.M.ning uyali aloqa vositasi ko‘zdan kechirilganida, telefon xotirasida O‘zbekiston fuqarolarining 200 ga yaqin pasport rasmlari borligi, u ushbu pasport ma’lumotlarni yig‘ib, jinoiy sherigi O.A.ga yetkazib berganligi uchun har bir pasportga 5 AQSh dollaridan haq olganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur xolat yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1412-moddasining 2-qismi «a» va «v» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish yoki tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

O‘QING: AKT vazirligi: «O‘zbekistonliklar hali-veri «mobil qullik»dan qutulmaydi»

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!