Smartfonlarning «umri» uzaytirilishi talab qilinmoqda

Smartfonlarning «umri» uzaytirilishi talab qilinmoqda

Yaqin yillar ichida Samsung o‘z smartfonlariga uch yil davomida dastur yangilanishi va to‘rt yil xavfsizlik patchlarini jo‘natishni va’da qilib, Android smartfonsozlar orasida yetakchilikni qo‘lga olgan edi. Biroq, aftidan, Germaniya hukumati smartfon brendlaridan bundan-da ko‘pini xohlamoqda.

O‘QING: Ommabop smartfonlar top o‘ntaligi (35-hafta)

Android Authority saytining Heise Online nashri orqali xabar berishicha, Gemaniya smartfon ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan qurilmalarga yetti yil xavfsizlik patchi jo‘natishni va shuncha muddat davomida ehtiyot qismlarini ta’minlab berishni talab qilmoqda. Hukumat vakilining so‘zlariga ko‘ra, mazkur ehtiyot qismlari hamyonbop narxda bo‘lishi ham zarur. Xavfsizlik yangilanishlari borasida kiritilgan ushbu o‘zgarish Yevropa Komissiyasining ko‘rsatilgan taklifidagidan ikki yil ko‘proqdir.

Ayni damda, aksariyat brendlar faqat uch yil davomida xavfsizlik yangilanishlarini ta’minlab beradi. Shu boisdan, Yevrokomissiyaning besh yillik talabining o‘zi ham kompaniyalar bo‘yniga katta yuk bo‘lishi turgan gap.

Heise Online'ning qo‘shimcha qilishicha, Samsung, Huawei va Apple kabi kompaniyalar vakili bo‘lgan DigitalEurope assotsiatsiyasi Germaniyaning talabiga qarshi chiqmoqda. Aniqroq aytsak, assotsiatsiya smartfonsozlarning uch yil xavfsizlik patchi, ikki yil dastur yangilanishi jo‘natishi talab qilingan standartga aylantirilishini taklif qilmoqda.

Agar Germaniya mazkur talabda qat’iy tursa va uni amalga oshira olsa, yuqoridagi o‘zgarish boshqa mamlakatlar hukumatlari tomonidan ham talab qilinishi mumkin.

O‘QING: Kelasi yildan barcha Galaxy A seriyasi smartfonlari flagmanlarda bo‘ladigan texnologiya bilan jihozlanadi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!