Smartfonni tunda quvvatlashga qo‘yib yotish xavflimi?

  •   DiMaX
  •  11025
  •  13.04.2017 14:21

Smartfonni tunda quvvatlashga qo‘yib yotish xavflimi?

Tunda uxlashdan avval telefoningizni quvvatlashga qo‘yib qo‘yasiz, tonggacha batareyasi yuz foizga to‘lib, tayyorgina bo‘lib turadi. Zo‘r-a?

Hamisha ham emas

Gap shundaki, ko‘pincha biz bitta telefonni bir-ikki yil ishlatamiz, keyin yangisini olamiz. Bu muddatda esa foydalanuvchi akkumulyatorning sig‘imi kamayganini sezib ulgurmaydi. Agar siz ham bitta smartfondan ko‘p yillar davomida foydalanmaydigan bo‘lsangiz, uni tunda quvvatlashga qo‘yib uxlayversangiz bo‘ladi.

Bundan tashqari, tez-tez quvvatlantirib turish litiy-ionli batareyalarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunda akkumulyatorning o‘zi tokka to‘lib-toshib ketishi emas, balki tez-tez quvvat olishi asosiy omildir.

Telefonlar uchun quvvatlash uskunalarini ishlab chiqaruvchi Anker kompaniyasining matbuot kotibi Edo Kampos ta’kidlashicha, akkumulyatorlar to‘lganidan keyin ortiqcha tok olmaydi.

Aslida smartfonlar aqlli qurilmalardir. Ular quvvatlanishni to‘xtatish vaqtini bilishadi.

Edo Kampos

Zamonaviy modellar akkumulyatorni ortiqcha to‘lib ketishdan himoyalovchi maxsus chiplar bilan jihozlangan. Shu bois, smartfoningizning o‘z jamlanmasida kelgan yoki unga to‘la mos tushuvchi quvvatlagich orqali tungi quvvatlanishga qo‘yish sababli aytarli zarar yetmaydi.

Ammo gap boshqa yoqda: quvvatlash jarayonining o‘zi smartfon batareyasiga salbiy ta’sir etishi mumkin.

Xo‘sh, nega endi?

Ko‘pchilik telefonlarda avvaldan o‘rnatilgan texnologiya – batareyasini tezkorlik bilan to‘ldirish funksiyasi mavjud. Simsiz quvvatlash sohasidagi Ossia kompaniyasi asoschisi, bosh ilmiy xodimi va texnik direktori Xatem Zeyne so‘zlariga ko‘ra, bu texnologiya qurilmalarning quvvatlash uskunasi kuchiga moslashib qolishiga olib keladi.

Elektr toki batareyaga modullangan ko‘rinishda yetib keladi, bunda litiy ionlarining qutbdan-qutbga harakatlanishi tezligini oshiradi va quvvatlanishni tezlashtiradi. Biroq bu jarayon litiy-ionli va litiy-polimerli akkumulyatorlarning tezroq to‘zishiga sabab bo‘ladi.

Smartfoningizni kuchaytirilgan tezlikda quvvatlash bilan siz batareyaning xizmat qilish vaqtini qisqartirasiz.

Xatem Zeyne

Yechimi bormi?

Agarda litiy-ionli batareyangiz ko‘proq vaqt xizmat qilishini istasangiz, u holda baquvvatligi kamroq gadjet uchun mo‘ljallangan quvvatlagichdan foydalaning, deydi Zeyne. Lekin bu ham batareyangiz umri uzayishiga kafolat bo‘la olmaydi.

Masalan, agarda IPad Pro’ni iPhone quvvatlagichi yordamida quvvatlasak, uning akkumulyatori juda ko‘p vaqtda to‘ladi. Muhandislarning ta’kidlashicha, aynan shu tarzda – sekinlik bilan to‘ldirish batareyaning xizmat muddatini uzaytiradi.

Xatem Zeyne

Agarda akkumulyatori uzoq vaqt xizmat qilsin, desangiz – smartfoningiz qizib ketishiga yo‘l qo‘ymang. Zero, yuqori harorat  litiy-ionli batareyalarning tez to‘zib qolishiga olib keladi. Apple saytida ham, 35°C dan yuqori harorat «akkumulyatorning shikastlanishiga sabab bo‘lishi mumkin»ligi aytilgan.

Qanday quvvatlasak to‘g‘ri bo‘ladi?

Zeyne va Kampos ta’kidlashicha, tobora yangi smartfonlarga talab kuchayib borayotgan bugungi sharoitda, ularni tungi quvvatlantirish aytarli salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

Buning ustiga, so‘rovlar natijalariga ko‘ra, foydalanuvchilarning aksariyati o‘z telefonlarini ikki yil ichida almashtirishadi. Shu vaqt ichida ko‘pchilik batareyalarda to‘zish alomatlari sezilmaydiyam.

Shu bois, qadrdon qurilmangizni bemalol tunda ham quvvatlashga qo‘yib yotaversangiz bo‘ladi.

Biroq keyingi paytlarda akkumulyatorlar turli sabablarga ko‘ra qizib, yonib va hatto portlab ketishi haqidagi xabarlarga tez-tez duch kelayotirmiz. Shunday holatlarning oldini olish va yuz berganida ko‘riladigan choralar haqidagi maqolamiz bilan ham tanishib qo‘yishingizni tavsiya etamiz.