Snapdragon 8+ Gen 1 uchun nomzodlar ro'yxati

Snapdragon 8+ Gen 1 uchun nomzodlar ro'yxati

Qualcomm kompaniyasi mobil qurilmalar uchun o'zining yangi va oldingisidan sezilarli darajada yaxshilangan Snapdragon 8+ Gen 1 chipsetini rasman taqdim qilganidan keyin bir qancha mobil telefon ishlab chiqaruvchi kompaniyalar o'zlarining navbatdagi smartfonlarini yangi chipset bilan chiqarilishiga ishora qiladigan tizer posterlarni "kim birinchi"ga ulashishni boshlab yuborishdi.

Eng birinchilardan bo'lib, Xiaomi va Motorola o'zlarining Weibo sahifalarida smartfonlarini yangi chipset bilan chiqarilishiga ishora qiladigan posterlarini ulashishdi. Xiaomi o'z posterida keyingi flagman Snapdragon 8+ Gen 1 bilan chiqarishini aytadi va bu katta ehtimol bilan anchadan beri mish-mish qilinayotgan 12 Ultra bo'ladi. Motorola ham o'z tizer suratida yangi chipsetga salom beradi va garchi hozircha noma'lum bo'lsada kompaniyaning 200MP sensorli kamera bilan chiqarilishi kutilayotgan Frontier smartfoni yangi chipsetni birinchi qabul qilishi mumkin.

realme hamda iQOO kompaniyalari ham uzoq kuttirmasdan o'z tizer suratlarini rasmiy sahifalariga joylashtirishdi. Ma'lum bo'lishicha realme'ning Snapdragon 8+ Gen 1 chipsetiga ega birinchi smartfoni GT 2 Master Explorer Edition bo'ladi. iQOO esa yangi chipsetdan qaysi smartfonida foydalanishini ma'lum qilmagan, lekin u iQOO 10 Pro bo'lishi ehtimoli yo'q emas.

Qualcomm'ning yangi chipseti uchun yana bir nomzod OnePlus bo'lishi rasman ma'lum bo'ldi. Kompaniya o'zining posterida joriy yilning uchinchi choragida Snapdragon 8+ Gen 1 bilan yangi flagman chiqarishi aytib o'tgan. Shuningdek, Nubia ham o'z smartfonlarida yangi chipsetdan foydalanishini xabar qilgan.

Geyming smartfonlar ham qatordan qolishmaydi. Asus'ning ROG, Nubia'ning RedMagic geyming smartfonlari o'zlarining rasmiy sahifalarida yangi smartfonlarini Snapdragon 8+ Gen 1 bilan chiqarishlariga ishora qilishadi.

Bundan tashqari Samsung'ning yangi avlod buklamafonlari ham yangi chipset bilan birga chiqarilishi kutilmoqda.

O'QING: Superflagmanlarda maqtanish uchun yangi chipset

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!