Snapdragon 865+ namoyish qilindi: eng zo‘rlaridan ham 10 foizga qudratli Android-protsessor!

  •   DiMaX
  •  797
  •  09.07.2020 14:02

Snapdragon 865+ namoyish qilindi: eng zo‘rlaridan ham 10 foizga qudratli Android-protsessor!

Qualcomm kompaniyasi 8 iyul kuni navbatdagi flagmani – Snapdragon 865+ protsessorini taqdim etdi. O‘tgan yilgi Snapdragon 855 hamda Snapdragon 855+ modellarida bo‘lgani kabi, yangi chipsetning ham Snapdragon 865 bilan solishtirganda farqlari uncha ko‘p emas.

O‘QING: Snapdragon 865+ va 16 GB «operativka»li bu geymerofon AnTuTu’da jahon rekordini yangiladi! (+ ilk «jonli» rasmlar)

Amerikalik chipsoz bu mahsulotida samaradorlikni (ayniqsa grafika bo‘yicha) hamda Wi-Fi bo‘yicha ma’lumot almashish tezligini oshirishga asosiy e’tiborni qaratgan.

Shunday qilib, Snapdragon 865+ protsessori maksimal 3,1 GGs chastotada ishlay oluvchi sakkizta Kryo 585 Prime yadrosi bilan jihozlangan. Taqqoslash uchun: Snapdragon 865 chipsetida 2,84 GGs.lik sakkizta Kryo 585 yadrosi qo‘llangan. Yangicha yadrolar evaziga «plyusli» protsessor oldingisiga nisbatan 10 foizga yuqori samaradorlikni ta’minlay oladi. Bundan tashqari, Snapdragon 865 Plus jamlanmasidagi kuchaytirilgan Adreno 650 videotezlatgichi grafikani ham 10 foizga tez qayta ishlash imkonini beradi.

Snapdragon 865+ modelining o‘ziga xosliklaridan yana biri – 6 GGs.gacha oshirilgan chastotali yangi Wi-Fi 6E standartini qo‘llab-quvvatlashidir. Avval ham yozganimizdek, bu standartda 5G tezligida – soniyasiga 3,6 gigabitgacha ma’lumot almashish mumkin. Eng kuchli protsessor ayni damda eng yangi bo‘lgan Bluetooth 5.2 versiyasini ham qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘QING: Wi-Fi parolini Android-smartfon orqali aniqlasa bo‘ladi!

«Plyusli» chipsetning boshqa jihatlari «oddiy» Snapdragon 865 bilan bir xil: u ham beshinchi avlod uyali aloqa standartini qo‘llovchi Snapdragon X55 modemiga ega. Yangi protsessor ham 16 gigabaytgacha hajmli, 2750 MGs chastotali LPDDR5 turidagi tezkor xotira bilan ishlay oladi.

Snapdragon 865+ ham, o‘z «ajdod»i kabi, kadr yangilanish chastotasi 60 gersgacha bo‘lgan 4K-ekranlarni yoki 144 gerslik Quad HD+ displeylarni qo‘llab-quvvatlaydi. Yangi chipset ham mobil o‘yinlarda resurslarni optimallashtiruvchi Snapdragon Elite Gaming texnologiyasiga ega.

Snapdragon 865 Plus protsessori tez orada taqdim etiladigan ASUS ROG Phone 3 hamda Lenovo Legion geymerofonlarida ilk bora qo‘llanishi ham ma’lum.

O‘QING: «Qirol o‘ldi. Yashasin qirol!» – jahon rekordchisini AnTuTu’da tor-mor etishdi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.