Snapdragon 865+ va 16 GB «operativka»li bu geymerofon AnTuTu’da jahon rekordini yangiladi! (+ ilk «jonli» rasmlar)

  •   DiMaX
  •  1573
  •  16.06.2020 13:58

Snapdragon 865+ va 16 GB «operativka»li bu geymerofon AnTuTu’da jahon rekordini yangiladi! (+ ilk «jonli» rasmlar)

Kechagina biz Asus kompaniyasining ROG Phone 3 smartfoni xususiyatlarini TENAA regulyatori fosh etgani haqida yozgandik. Endi esa mazkur geymerofon AnTuTu servisida tekshirib ko‘rildi va... u kutilganidan ham kuchli ekan!

O‘QING: Yer yuzidagi eng tezkor smartfonlar (AnTuTu global reytingi, 2020 yil may)

TENAA regulyatori Asus ROG Phone 3 modelining xususiyatlaridan tashqari, «jonli» suratini ham o‘z saytida e’lon qildi:

Ushbu o‘yinbop smartfon 6,59 dyuymlik, Full HD+ formatli AMOLED-displey bilan ta’minlangan. Daktiloskop ekranga o‘rnatilgan; ko‘zning rangdor pardasini skanerlovchi 13 megapiksellik old kamera esa yuqori romga joylangan. ROG Phone 3 geymerofonining uch modulli bosh kamerasida asosiy datchik 64 megapiksellik aniqlikka ega.

O‘QING: DxOMark eng zo‘r kamerofon, selfifon va audiosmartfonlarni e’lon qildi

Mazkur flagman Snapdragon 865 bazasiga qurilishi kutilayotgan edi, lekin mazkur chipset maksimal 2,84 gigagerslik takt chastotasida ishlay oladi. TENAA’dagi so‘nggi ma’lumotlar esa, Asus ROG Phone 3 modelida takt chastotasi 3,01 GGs.ga teng bo‘lgan boshqa protsessor qo‘llanganini ko‘rsatyapti!

Demak, Asus o‘zining uchinchi avlod geymerofonida Snapdragon 865+ chipsetini qo‘llayapti. Bundan tashqari, yuqoridagi skrinshotga ko‘ra, uni tezkor xotirasi 8, 12 va 16 gigabaytlik, doimiy xotirasi esa 128, 256 va 512 gigabaytlik variantlarda chiqarishadi.

O‘QING: Hali chiqmagan Snapdragon 865 Plus flagman protsessori ilk bor AnTuTu’da imtihon topshirdi!

Shuningdek, Asus ROG Phone 3 modelini allaqachon AnTuTu benchmarkida ham tekshirib ko‘rishgan va u 646610 ballik natija bilan dunyo rekordini yangilagan:

Taqqoslash uchun keltirib o‘tsak, may oyidagi eng kuchli Android-flagmanlar reytingida Snapdragon 865 protsessorli OPPO Find X2 Pro flagmanining rekordi 604 123 ballni tashkil etgan. Snapdragon 865 Plus chipsetini bo‘lsa Qualcomm joriy yilning uchinchi choragida taqdim etishi, mazkur protsessorga asoslanuvchi ilk smartfon esa Lenovo Legion bo‘lishi aytilgan.

Demak, samaradorlik qiroli bo‘lgan Asus ROG Phone 3 o‘yinbop flagmanining rasmiy taqdimotini kutamiz. Turkumning oldingi avlod vakillari iyun va iyul oylarida chiqqanini hisobga olsak, bunisini ham uzog‘i bilan bir yarim oy ichida namoyish etishadi.

O‘QING: Real testda eng tezkor TOP-10 smartfonni aniqlashdi!