Snapdragon 875'li Galaxy S21 Geekbench'da sinovdan o‘tdi

Snapdragon 875'li Galaxy S21 Geekbench'da sinovdan o‘tdi

Samsung o‘zining Galaxy S21 lineykasini yanvar oyida taqdim qilishi kutilmoqda. Har galgidek, flagman smartfonlar mintaqaga qarab Snapdragon yoki Exynos chipida ishlaydi.

Qualcomm'ning chipseti o‘rnatilgan Galaxy S21 modeli Geekbench'da ko‘rinish berib, ko‘p yadroli sinovda 3,319 ball yig‘di. Biroq insayderlar bergan ma’lumotga ko‘ra, Exynos 2100 bu sinovda deyarli 4,000 ball yig‘a oladi.

Oxirgi bir necha yillardan buyon Xitoy, Janubiy Koreya va AQShda sotiladigan Snapdragon'li Galaxy S flagmanlari boshqa bozorlarda sotuvda bo‘lgan Galaxy S'lardan ko‘ra quvvat boshqaruvi borasida anchayin yaxshi natija ko‘rsatib keladi. Bu esa, tabiiyki, Exynos variantli Galaxy foydalanuvchilarni g‘azablantirgan.

Biroq ishonchli insyader Ice Universe'ning so‘zlariga ko‘ra, bu gal vaziyat boshqacha bo‘ladi. Sababi, Exynos 2100'ning CPU'si barcha yo‘nalishlar bo‘yicha Snapdragon 875'ni ortda qoldiradi. Har ikkala chipset bir xil arxitekturaviy tuzilmaga ega, ammo Exynos 2100'dagi asosiy X1 yadrosi 2.91 GHz'ga yetadi, SD875'niki esa 2.84 GHz bo‘ladi. Cortex-A78 yadrolari triosi borasidagi tafovut ham anchayin sezilarli — Exynos'da 2.81 GHz, Snapdragon'da 2.42 GHz bo‘ladi.

To‘rtta energiya tejamkor Cortex-A55 yadrolari SD875'da 1.8 GHz, Exynos 2100'da esa 2.21 GHz bo‘ladi. Ice Universe ushbu tafovutlar Samsung'ning o‘zi ishlab chiqargan chipset yig‘adigan ballni 4,000 ga olib chiqishini aytmoqda.

Yuqorida faqat chipsetning bir qismi haqida ma’lumot berildi xolos. Grafik protsessori haqida hozircha tafsilotlar mavjud emas. Masalan, Exynos'dagi GPU'ning video kodlash va dekodlash imkoniyatlari aniq emas. Muhimi — smartfonning real sharoitda ishlash unumdorligi. Buni bilish uchun esa yana ikki oy kutishimizga to‘g‘ri keladi.

Unga qadar, siz Galaxy S21 modellarining sifatli tasvirlari, lineyka tarkibidagi uchala smartfonning o‘xshash va farqli tomonlari, kameraning joylashuv o‘rni, taqdimot va sotuvlar boshlanishining aniq sanasi, shuningdek, seriya haqidagi barcha muhim ma’lumotlarni saytimizdan o‘qishingiz mumkin.

O‘QING: Samsung besh yil avvalgi to‘rt xil smartfonini ham yangilayapti – sababi jiddiy!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.