Snapdragon 888 chipli ilk flagman – Xiaomi Mi 11 taqdim etildi!

  •   DiMaX
  •  2294
  •  29.12.2020 12:25

Snapdragon 888 chipli ilk flagman – Xiaomi Mi 11 taqdim etildi!

Xiaomi kompaniyasi kecha – 28 dekabr kuni o‘tkazgan tadbirida MIUI 12.5 grafik qobig‘ini taqdim etgani xususida yozgan edik. O‘sha marosimda uning Xiaomi Mi 11 smartfoni ham namoyish qilindi.

O‘QING: 28 dekabrdanoq MIUI 12.5 proshivkasi keladigan 23 xildagi Xiaomi va Redmi smartfonlari

Xiaomi Mi 11 modeli kattagina – diagonaliga 6.81 dyuymlik AMOLED-displey bilan jihozlangan. Piksellar zichligi bitta dyuymga 515 nuqtani tashkil etuvchi ekran 2K formatida tasvir uzata oladi. Unda kadr yangilanish chastotasi 120 gerslik, sensor qatlaminiki esa – naq 480 gersga teng. Displey paneli HDR10+ texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Yuzasiga eng mustahkam – Gorilla Glass Victus toblangan shishasi yotqizilgani bois, smartfon 2 metrgacha balandlikdan tushib ketganida ham ekrani shikstlanmaydi. Xiaomi uni bozordagi eng zo‘r mobil displey, deyapti. Flagmanning ekrani chetlari salgina qayrilgan, yuqori chap burchagida 20 megapiksellik selfi-kamera uchun tirqish ochilgan.

Xiaomi Mi 11 modeli hozirgi eng kuchli Android-protsessor – 5 nanometrlik texnologik jarayon asosida tayyorlangan Snapdragon 888 chipseti bazasidagi ilk smartfondir. Qualcomm bu mahsulotini o‘ta qudratli – 2.84 GGs chastotali Cortex-X1 yadrosi hamda 7.5 Gbit/soniyagacha ma’lumot yuklay oluvchi 5G-modem bilan ta’minlagan. Ushbu protsessorga mos tarzda, Xiaomi o‘z flagmanini 8/12 gigabaytlik operativka (LPDDR5) hamda 128/256 GBlik ichki xotira (UFS 3.1) bilan jihozlagan.

«Xitoycha Apple» bu gadjetini uch modulli bosh kamera bilan ta’minlagan: uning datchiklari fotochaqnoq bilan birga kvadrat platformaga joylangan (tashqi tomonidan kamera blogining burchaklari dumaloqlangan). Undagi 108 megapiksellik asosiy sensor f/1.85 diafragmaga hamda tasvirni optik barqarorlashtirish (OIS) texnologiyasiga ega.

Bosh kameradagi ikkinchi modul 13 megapiksellik aniqlikda bo‘lib, keng burchakli (ko‘rish burchagi – 123°) ob’yektiv bilan ta’minlangan. Va nihoyat, uchinchi – makromodul 5 megapiksellik aniqlikda. Bunaqa konfiguratsiya bilan Xiaomi Mi 11 bosh kamerasi 8K formatigacha aniqlikda HDR10+ video yozib olishga qodir.

Xiaomi Mi 11 akkumulyatorining tok sig‘imi 4600 mA/soatlik bo‘lib, simli usulda 55 vattlik, simsiz usulda esa 50 vattlik tezkor quvvatlana oladi. Shuningdek, flagman 10 vattlik reversiv zaryadka (boshqa devayslarga quvvat uzatish) funksiyasi bilan ta’minlangan. Bu smartfonning batareyasi noldan boshlab atigi 45 daqiqada to‘lib ulguradi.

Yodingizda bo‘lsa kerak, iPhone 12 turkumidagi smartfonlar taqdim etilishi bilan ikkita kompaniya Apple ustidan kulgan edi. Xiaomi yangi ayfonlar jamlanmasida quvvatlagich yo‘qligini, Samsung esa raqibi endigina 5G-smartfon chiqarganini masxara qilgan. Keyinchalik ular safiga OnePlus ham qo‘shilib, kupertinoliklarni kalaka qilgan. Buni qarangki, ayfondagi o‘zi kalaka qilgan jihat – qadoqqa zaryadchik qo‘shmaslik bo‘yicha aynan shu Xiaomi birinchi bo‘lib Apple’ga ergashdi! Ya’ni, Mi 11 qutisida quvvatlash uskunasi yo‘q; zarurat bo‘lsa – 55 vattlik tezkor quvvatlovchi zaryadchikni 15 dollarga alohida sotib olish kerak. Taqqoslash uchun: kupertinoliklar 20 vattlik tezkor quvvatlagichni 20 dollardan sotishyapti.

O‘QING: TOP-15: Rekord darajada tez quvvatlanuvchi smartfonlar

Xiaomi Mi 11 modelidagi muhim jihatlardan yana biri – stereodinamiklar bo‘lib, ularning sifati ustida Harman Kardon mutaxassislari ishlashgan. Shuningdek, smartfon NFC moduli, Wi-Fi 6, infraqizil porti, yangilangan daktiloskopik skaner hamda vibromotorcha bilan ta’minlangan. Bu flagman o‘zi bilan birga taqdim etilgan MIUI 12.5 grafik qobiqli birinchi smartfon bo‘lib, dasturiy ta’minot asosida Android 11 operatsion tizimi yotadi.

Ushbu flagman Xitoyda 2021 yilning 1 yanvaridan, besh xil rangdagi korpuslarda taklif etiladi. Narxlari esa, tezkor/ichki xotira hajmidan kelib chiqqan holda, quyidagicha belgilangan:

Xiaomi Mi 11 8/128 GB — $610

Xiaomi Mi 11 8/256 GB — $660

Xiaomi Mi 11 12/256 GB — $720

Darvoqe, kutilgan Xiaomi Mi 11 Pro talqini taqdim etilmadi, balki keyinroq chiqar – kompaniya shunchaki bu haqda umuman hech nima demadi. Lekin standart flagmanning Xiaomi Mi 11 Special Edition (yana bir nomi – Mi 11 Lei Jun Signature Edition) versiyasi namoyish qilindi.

Uning «ichki dunyosi» o‘sha-o‘sha, faqat orqa qopqog‘i boshqacharoq va unga kompaniya rahbari Ley Szyunning imzosi tushirilgan bo‘lib, 12/256 gigabaytlik xotira bilan, 720 dollardan sotiladi.

O‘QING: Xiaomi eng zo‘r va qimmat flagmanini tayyorladi, lekin bu Mi 11 ham, Mi 11 Pro ham emas!