Snapdragon 895 chipli birinchi smartfon – Xiaomi Mi 12 Ultra haqida ilk ma’lumotlar

  •   DiMaX
  •  5272
  •  14.06.2021 11:07

Snapdragon 895 chipli birinchi smartfon – Xiaomi Mi 12 Ultra haqida ilk ma’lumotlar

Kuni kecha biz joriy yilning so‘ngida yoki kelasi yil boshida chiqadigan Xiaomi Mi 12 flagmanining ilk suratlarini e’lon qilgan edik. Xitoydagi manbalar esa allaqachon uning Ultra-versiyasi xususida ham ayrim tafsilotlarni ochiqlay boshlashdi.

O‘QING: Xiaomi smartfonlari narxlari bilan tanishamiz (2021 yil, iyun)

Xabarlarga ko‘ra, Xiaomi Mi 12 Ultra flagmani Qualcomm kompaniyasi endi chiqaradigan Snapdragon 895 protsessori bazasidagi birinchi smartfon bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, Xiaomi Mi 11 modeli Snapdragon 888 chipsetli birinchi qurilma sifatida taqdim etilgan edi.

«Xitoycha Apple» o‘n ikkinchi avlod flagmanining Ultra talqinida LTPO texnologiyasiga ega, tasvir aniqligi 2K formatli ekran qo‘llaydi. Uning kadr yangilanish chastotasi moslashuvchan bo‘lib, 1 dan to 120 gersgacha diapazonda, bir gersgacha aniqlikda moslasha oladi; bu esa akkumulyator quvvatini samarali tejash imkonini beradi.

O‘QING: Xiaomi raqibi hali chiqmagan Snapdragon 888 Pro asosida flagman tayyorlayapti! (+«jonli» surat)

Xiaomi Mi 12 Ultra old kamerasi ekranosti bo‘lishi ham, korpusning yuqori qirrasidan chiqadigan bo‘lishi ham mumkin. Selfi uchun ikkita – 32 va 8 megapiksellik sensorlar joylanadi. Bosh kamera jamlanmasiga esa 50 + 20 + 12 megapiksellik modullar kirishi, u o‘n karralik optik zumni qo‘llab-quvvatlashi aytilmoqda.

Bulardan tashqari, Xiaomi Mi 12 Ultra korpusi IP68 standartiga ko‘ra himoyalangan bo‘ladi. Kompaniya unga stereodinamiklar, ko‘p funksiyali NFC moduli hamda infraqizil port ham o‘rnatadi.

Flagmanning akkumulyatori 5000 mA/soatlikdan ortiq tok sig‘imiga ega bo‘lib, simli usulda 120 vattlik, simsiz usulda esa 70–80 vattlik tezkor quvvatlana oladi.

O‘QING: Snapdragon 888 Pro benchmarkda: uning «oddiy» Snapdragon 888 flagmanidan farqi nimada?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.