Sony 30 million donadan ziyod PS4 pristavkalari sotilganini ma’lum qildi

Sony 30 million donadan ziyod PS4 pristavkalari sotilganini ma’lum qildi

25 noyabr kuni Sony Computer Entertainment Inc. kompaniyasi tomonidan e’lon qilingan matbuot relizida ma’lum qilinishicha, PlayStation o‘yinlari pristavkasining 8 avlodi – PS4 qurilmasi dunyo miqyosida 30.2 million donadan ziyod sotilgan.

2013 yilning fevral oyida ilk marotaba namoyish qilingan PlayStation 4 o‘sha yili 399 AQSh dollari bahosida sotuvga chiqarilgan. Bugunda uning xalqaro bozordagi narxi 50 AQSh dollariga arzonlashgan.

Joriy yilning 27 noyabr kuni o‘tadigan “qora juma” arzonlashtirilgan savdolari munosabati bilan,  Amerikada PS4’ning bir necha elektron o‘yinlar jamlanmasi bilan birga 300 AQSh dollaridan (Kanadada 369 AQSh dollari) sotilishi ma’lum qilingan. Ayni kunda bu qurilma jahonning 124 mamlakatida savdoga chiqarilgan.

Shu bilan birga, mazkur pristavkaga mo‘ljallangan o‘yinlarning sotuv hajmi ham yuqori darajada. PS4 taqdim etilganidan boshlab dunyo bo‘ylab 81,8 mln. nusxa mazkur turdagi o‘yinlar sotilgan.

PS4 sotilishi bo‘yicha raqobatchilari orasida yetakchi hisoblanadi. U 2014 yilning avgust holatida 10 million, 2015 yilning mart holatida 20 million dona sotilgan edi. Kompyuter o‘yinlari qurilmasi har oyda o‘rtacha 1.2 million donadan sotilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, PS4’ning raqobatchisi Microsoft kompaniyasining 2013 yilning noyabridan sotila boshlangan Xbox One pristavkasidan bugungacha 10 million dona sotilgan. Qurilmaning AQShdagi bahosi 499 $, Yevropada esa 499 €’ni tashkil qiladi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz, Sony Computer Entertainment Inc. kompaniyasiga 1993 yilning 16 noyabrida Tokioda “PlayStation otasi” laqabini olgan Ken Kutaragi tomonidan asos solingan.