Sony: kompyuterda videoo‘yinlarni masofali o‘ynash uchun rasmiy dastur yaratilmoqda

Sony: kompyuterda videoo‘yinlarni masofali o‘ynash uchun rasmiy dastur yaratilmoqda

Videoo‘yinlarni bir vaqtning o‘zida kompyuterlarda o‘ynashni ta’minlovchi Remote Play PC dasturi bir necha kun ilgari noma’lum dasturchilar tomonidan ishlab chiqilib, internet tarmog‘iga joylashtirilgan edi. Videoo‘yinlarni PS4 pristavkasidan kompyuterga masofali translyasiya qiluvchi  Remote Play PC’ning norasmiy, pullik ilovasiga nisbatan oz fursatda yuzlab munosabat va sharhlar bildirilgani Sony kompaniyasining e’tiboridan chetda qolmadi.

Kompaniya tez orada xuddi shunday dasturning Mac hamda Windows kompyuterlariga mo‘ljallangan rasmiy talqinini yuklab olish mumkinligini e’lon qildi. Bu to‘g‘rida Sony tarkibida videoo‘yinlar ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi SCE Worldwide Studios kompaniyasi prezidenti Shuhey Yoshida o‘zining Twitter’dagi sahifasida e’lon qilgan.

“Odamlar bizdan o‘yinlarni kompyuterlarda masofali o‘ynash funksiyasini yaratish rejamiz bor-yo‘qligini so‘rashdi. Va, albatta, biz PC va Mac kompyuterlari uchun rasmiy dastur ustida ishlayapmiz.”

Janob Shuhey dasturning qaysi sanada taqdim etilishi haqida ma’lumot bermagan.

Aslida bu texnologiya Sony uchun yangilik emas. PlayStation Vita qurilmasi va kompaniyaning telefonlari orqali o‘yinlarni masofali o‘ynash imkoni mavjud edi. Shuningdek, videoo‘yinlarni boshqa xohlagan televizorlarda o‘ynash mumkin. Yangi dastur televizoringiz ham band bo‘lgan taqdirda, o‘yinlarni kompyuterda o‘ynash imkonini yaratdi.

Shuningdek, mazkur xabar kompaniya Bluetooth  va USB tizimida ishlaydigan pristavka boshqaruv pultini kompyuterlarga muvofiq takomillashtirishini ham anglatadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!