Sony "orzu-smartfoni"ni tayyorlamoqda

Sony

So‘nggi vaqtlarda Sony kompaniyasining yalqovligi uning smartfonlaridagi dizaynda ham yaqqol sezilib turdi. Aksariyat smartfonlar tashqi ko‘rinishidan bir-birini, hatto "ajdodlari"ning dizaynini takrorladi. Ya’ni, brend smartfonlarining dizaynida biror yuksalishni ko‘rish qiyin bo‘lib qoldi. Yaponlar shu kunlarda yangicha uslubga ega, smartfon bozorida favqulodda ko‘rinishdagi smartfon yaratishga kirishib ketishgan ko‘rinishadi.

Insayderlarning tarqatgan yangi ma’lumotlariga ko‘ra, Sony 6/8 Gb operativ xotira hamda 64/128 Gb doimiy xotiraga ega Snapdragon 845 bazasida ishlaydigan kuchli smartfon tayyorlash bilan band. Va, uning dizayni tamomila boshqacha bo‘ladi.

Hi-Fi ovoz texnologiyasi, 20 Mp hamda 12 Mp kamera modullari ishtirokidagi qo‘sh sensorli bosh kamera ham bu flagmanning kuchli jihatlaridan bo‘ladi. Bosh kamera videoni Slo-mo rejimida yoza oladi. Ya’ni, har soniyadagi kadr soni 960 tani tashkil qiladi. Selfilar uchun 13 megapikselli kamera moduli mas’ul bo‘ladi.

An’anaga ko‘ra, gadjet korpusi suv ta’siriga bardoshli bo‘ladi. Yangi flagman Android 8.0 Oreo operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek uning displeyi "yaponcha standart"da, ya’ni 18:9 o‘lchamli uslubda bo‘ladi.

"Orzu-smartfoni" haqida hozircha ma’lum jihatlar mana shulardan iborat. Ha, darvoqe. narx-navo masalasida, smartfonning $760 dollardan $1065 dollargacha sotilishi taxmin qilinmoqda. Hozircha flagmanning aniq nomi ma’lum emas.