Sony Xperia 5 III'ning texnik jihatlari va qadoq tarkibi bilan tanishamiz

Sony Xperia 5 III'ning texnik jihatlari va qadoq tarkibi bilan tanishamiz

Aprel oyida taqdim qilingan Xperia 5 III modeli bilan va nihoyat tanishish vaqti keldi. Agar siz mazkur smartfonni sotib olishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, yana bir necha hafta kutishingizga to‘g‘ri keladi. Buning hammasiga pandemiya sabab chiplarning yetishmayotgani sabab.

O‘QING: Sony Xperia 1 III'ning texnik jihatlari va qadoq tarkibi bilan tanishamiz

Ketma-ket uchinchi yil kichik o‘lchamli Xperia 5 modellari apparat ta’minoti borasida haqiqiy flagman Xperia I darajasida bo‘lib kelmoqda. Bunday holat boshqa smartfonsozlar bilan kuzatilmaydi. Eng e’tiborlisi, Xperia 5 III modeli Xperia I III qurilmasining kamera tizimi, jumladan, qo‘sh fokal uzunlikka ega telefoto kamerasi, bilan jihozlangan. Galaxy yoki iPhone'larda bu kamera faqat Ultra yoki Max talqinlarida mavjud. To‘g‘ri, bugungi qahramonimiz ToF kamerasidan mahrum qilingan, lekin bu achinib o‘tirishga arzimaydi.

Ushbu qurilma top flagman Xperia I III bilan texnik ko‘rsatkichlar borasida deyarli o‘xshash. Oradagi tafovutlardan biri shuki, Xperia 5 III smartfoni Gorilla Glass 6 shishasi bilan himoyalangan bo‘lsa, 1 III'ga Victus shishasi qo‘yilgan. Displey ham 4K aniqlikka ega emas, rezolyutsiya 1080p bilan cheklangan. 6,1 dyuym diagonalli ekran 120Hz yangilanish chastotasiga ega va HDR'ni qo‘llab-quvvatlaydi.


Xperia 5 III (chapda) va Xperia 1 III (o‘ngda)

Agar sizga 12GB operativ xotira kerak bo‘lsa, unda Xperia 1 III'ni tanlashingiz kerak, sababi 5 III faqat 8GB tezkor xotiraga ega. Doimiy xotira esa 128GB va 256GB. Ikki model o‘rtasidagi eng katta farq Xperia 5 III'da simsiz quvvatlash imkonining mavjud emasligidadir.

Qolgan ko‘rsatkichlar bir xil. Jumladan, Snapdragon 888 platformasi, stereo karnaylar, quloqchin jeki, microSD karta sloti va tashqi monitor funksiyasi kabilar. Biroz noodatiy-ku, lekin o‘lchami kichik bo‘lishiga qaramay, Xperia 5 III katta «aka»si bilan bir xil sig‘imli akkumulyatorga ega.

Sony Xperia 5 III'ning texnik jihatlari:

> Korpus: 157.0x68.0x8.2 mm, 168g; shishadan ishlangan old panel (Gorilla Glass 6), shishadan ishlangan orqa panel (Gorilla Glass 6), alyuminiy rom; IP65/IP68 chang/suvdan himoya (1.5 m chuqurlikda 30 daqiqagacha).

> Displey: 6,10" OLED, 1 milliard rang, 120Hz, HDR BT.2020, 1080x2520p rezolyutsiya, 21:9 forma faktori, 449ppi zichlik.

> Chipset: Qualcomm SM8350 Snapdragon 888 5G (5 nm): sakkiz yadroli (1x2.84 GHz Kryo 680 & 3x2.42 GHz Kryo 680 & 4x1.80 GHz Kryo 680); Adreno 660.

> Xotira: 128GB 8GB RAM, 256GB 8GB RAM; UFS 3.X; microSDXC (SIM karta bilan umumiy slot).

> OT: Android 11.

> Orqa kamera: •Keng (asosiy): 12 MP, f/1.7, 24mm, 1/1.7", 1.8µm, qo‘sh-piksel PDAF, OIS; •Ultrakeng: 12 MP, f/2.2, 124˚, 16mm, 1/2.6", qo‘sh-piksel PDAF; •Telefoto: 12 MP, f/2.3, 70 mm, f/2.8, 105 mm, 1/2.9", qo‘sh-piksel PDAF, 3x/4.4x optik zum, OIS.

> Old kamera: 8 MP, f/2.0, 24 mm (keng), 1/4", 1.12µm.

> Video yozuv: •Orqa kamera: 4K@24/25/30/60/120 kadr/sek., HDR, 1080p@30/60/120/240 kadr/sek.; 5 o‘qli giro-EIS, OIS; •Old kamera: 1080p@30 kadr/sek., 5 o‘qli giro-EIS.

> Akkumulyator: 4,500 mAs; 30 vattda tezkor quvvatlanish, 30 daqiqada 50% (reklamaga ko‘ra), USB PowerDelivery.

> Boshqa: barmoq izi skaneri (yon tomonda); NFC; 3.5 mm jek; Sony Alpha kamera qo‘llab-quvvatlanishi.

Qadoq tarkibi
Smartfon qadoq tarkibida hayron qoldiradigan hech qanday jihat yo‘q. Qurilma bir necha yildan beri o‘zgarmagan oq rangli qutida sotiladi. Tarkib borasiga kelsak, smartfon bilan 30 vattlik USB PowerDelivery adapteri va USB-C kabeligina bor xolos. E’tibor bering, qadoq tarkibi mintaqaga qarab farqlanishi mumkin.

O‘QING: PlayStation 5 haqida bilishingiz kerak bo‘lgan 23 fakt (Sony rasmiy videosi)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.