Sony Xperia 5 IV smartfonini taqdim qildi

Sony Xperia 5 IV smartfonini taqdim qildi

Sony bugun o'zining yangi avlod kompakt telefoni, Xperia 5 IV ni rasman taqdim qildi. Taniqli yaponiyalik kompaniya o'zining bu yildagi eng so'nggi smartfonini, albatta, eng yaxshi kameralar bilan jihozlagan bo'lib, u bir qancha yuqori darajadagi texnik xususiyatlarga ega.

Tashqi ko'rinishidan Xperia 5 IV avvalgi avlodi, Xperia 5 III dan deyarli farq qilmaydi, agar o'lcham bo'yicha yangi model (156 x 67) oldingisidan (157 x 68) 1 millimetr farq qilishini va biroz og'irroq (172 gramm) ekanligini aytmasa. Qalinliklari esa bir xil: 8.2 mm.

Xperia 5 IV smartfoni 6.1 dyuymli, 2520 x 1080 piksel o'lchamdagi 120Hz yangilanish tezligiga ega OLED displey bilan ta'minlangan bo'lib, uning old-orqa tomonlari Corning Gorilla Glass Victus bilan himoyalangan va u IP68 reytinggi bilan suv va changga chidamli deb topilgan. 

An'analarga sodiq qolgan holda Sony bu safargi smartfonini ham avvalgilaridek dizayndagi uchlik kamera bilan chiqargan. Hatto Apple ham 12 megapikselli kameralardan voz kechayotgani aytilayotgan bir paytda Xperia 5 IV orqa tomonida bir emas, naqd uchta 12 megapikselli kameralarga ega, lekin ularning uchchalasi ham uch xil xususiyatga ega. 

12 MP bo'lgani bilan barcha kameralar haqiqiy Sony kameralarida bo'lgani kabi yaxshi portretlar uchun real vaqtda ko'zga avtofokus qilish, real vaqtda kuzatish, soniyasiga 120 kadr tezlikda o'qish yoxud 120 kadr/s 4K videoga olish , sun'iy intellekt bilan masofani tahlil qilish va hatto HDR yoniq bo'lganda ham bittada super tezlikda ko'plab suratlar olish xususiyatlariga ham ega. Shuningdek, ultra-keng kameradan tashqari qolgan ikkitasi OIS (tasvirni optik barqarorlashtirish) xususiyatiga ham ega. Selfi kameraga keladigan bo'lsak, u ham qatordan qolmagan holda 12 MP qilingan. 

Qurilma Qualcomm'ning eng trenddagi Snapdragon 8+ Gen 1 emas, balki Snapdragon 8 Gen 1 chipseti bilan Android 12 da ishlaydi va u 8 GB operativ va 128/256 GB doimiy xotira bilan ishlaydi. Albatta, yuqori sifatli suratlar bilan bunday xotira tezda to'lib qolishi hech gapmas, shunday ekan, telefonda xotirani kengaytirish uchun microSD karta uyasi ham mavjud. Alohida ta'kidlash joizki, smartfonda 3.5 millimetrli naushnik uyasi ham bor - Sony bugungi kunda premium smartfonlarda yo'qolib borayotgan ushbu xususiyatni o'z flagman smartfonida saqlab qolgan so'nggi kompaniyalardan biridir (qarsaklar).

Garchi Xperia 5 IV avvalgisidan ham ixchamroq o'lchamda bo'lsa ham, Sony unga 10% kattaroq batareya, 5,000 mA/s joylashtirishga muvaffaq bo'lgan. Uning quvvatlanishga keladigan bo'lsak, 30 vattli quvvatlovchi bilan Sony smartfon atigi 30 daqiqa ichida 50% gacha quvvatlanishini va'da qilmoqda. Shuningdek, kompaniya qurilma batareyasi sog'ligi 3 yilgacha saqlanib qolinishi ham ta'kidlamoqda. Biroq, siz nafaqat zaryadlovchi adapteringizni, hatto, USB kabelingizni ham alohida sotib olishingiz kerak, chunki endilikda ular Xperia 5 IV qutisida birga kelmaydi. Agar bu xabarni yaxshisi bilan yuvish mumkin bo'lsa, unda sizga Xperia 5 IV simsiz zaryadlanishni qo'llab-quvvatlashini ma'lum qilamiz (smartfon o'z qatorida bunday funksiyaga ega ilk model bo'ldi).

Boshqa xususiyatlari esa, qurilmada Dolby Atmos, Hi-Res Audio, DSEE Ultimate va 360 Reality Audio xususiyatlariga ega ikkilik stereo karnaylar mavjud. Shu bilan birga, telefon yon tomonida barmoq izini skanerlovchi ham bor. Aloqa uchun smartfon 5G ni qo'llab-quvvatlaydi va NFC xususiyatiga ham ega.

Xperia 5 IV shu sentabr oyi o'rtalarida birinchi Yevropa uchun €1,049 narxda, yashil, bo'z rangli oq va qora ranglarda, faqat 8/128 GB xotira konfiguratsiyasida chiqariladi. Aytish mumkinki, bu pulga Yevropada Galaxy S22 Ultra sotib olish mumkin. Keyinroq 27-oktabrdan Amerika bozoriga $999 narxda yetkazib berish boshlanishi aytilmoqda. Boshqa hududlar uchun sotuvga chiqarilishi hozircha noma'lum.

O'QING: Ommabop smartfonlar top o‘ntaligi (34 hafta)

 
 
 
 
Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.