Startup Mix mavzularini bilishni istaysizmi?

  •   DiMaX
  •  1240
  •  03.02.2017 11:19

Startup Mix mavzularini bilishni istaysizmi?

Har oyda bir marta o‘tkazilib kelayotgan ushbu konferensiyaning navbatdagisida ko‘riladigan mavzular loyihaning saytida e’lon qilingan.

Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu gal birinchilardan bo‘lib «Startaplar taqdimoti» bo‘limida «MyTaxi Express – MyTaxi eltib berish katalogi» mavzusidagi taqdimot namoyish etiladi. Uni Workly, MyTaxi, Newmax Technologies hammuassisi Akmal Payziyev olib boradi.

Shuningdek, Zetta Group kompaniyasi direktori, iiko kompaniyasining O‘zbekistondagi biznes-hamkori Abdulla Zaripov «iiko – restoranlarni boshqaruv bo‘yicha ERP-klass tizimi» mavzusida so‘zga chiqadi.

«Mutaxassislarning chiqishlari» bo‘limida «VilGUD» aqlli avtoservislari tarmog‘ining hammuassisi Barno Tursunova onlayn tarzda chiqish qiladi. Uning ma’ruzasi avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish jarayonini boshqarishga IT-texnologiyalarning joriy etilishi hamda innovatsiyalar mavzusiga bag‘ishlangan.

«Speed Mentoring» seksiyasida esa ekspertlar oldida startapning uch daqiqalik ommaviy pitchi – lo‘nda namoyishi bo‘lib o‘tadi. Unda ekspert sifatida Home Market supermarketlar tarmog‘i rahbari Xondamir Muslimov hamda Softline Uzbekistan loyihalarni boshqarish bo‘limi rahbari Omon Mo‘minov ishtirok etishadi.

«Bahs-munozara» qismida «Restoranchilik biznesida innovatsiyalar» mavzusida fikr almashinuv bo‘lib o‘tadi. Unda Smart Group Restaurants kompaniyasi asoschisi, restorator va tadbirkor Sanjar Maqsudov hamda Restoranchilik biznesi akademiyasi asoschisi, restorator va tadbirkor Timur Abdullayev ishtirok etishadi.

Tadbirning «Tanishtiruvchi seminarlar»ida Altinit LLC va ConTex LLC kompaniyalari prezidenti, fan doktori Jamshid Avloniy «Ilmiy startaplar: g‘oyadan to amalga oshirishgacha» mavzusida chiqish qiladi.

Shuningdek, «O‘zbekistondagi startaplarning Shveysariya tomonidan moliyalashtirilishi imkoniyatlari» mavzusida Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi savdo maslahatchisi Abdurashid Abdukarimov so‘z yuritadi.

Agar sizning ham yangi loyihangiz mavjud bo‘lsa, uni navbatdagi uchrashuvlarda taqdim etishingiz mumkin. Buning uchun loyihangiz xususidagi qisqacha ma’lumotni [email protected] elektron manziliga yuborishingiz lozim.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!