Stiv Jobsning bashorati tasdig‘ini topdi: Apple gadjetlari kichrayishni boshladi

Stiv Jobsning bashorati tasdig‘ini topdi: Apple gadjetlari kichrayishni boshladi

Apple 21 mart kuni Kaliforniya shtatining Kupertino shahrida joylashgan bosh qarorgohida tashkil etayotgan namoyish kompaniya har yili bahor va kuzda o‘tkazadigan 2 ta yirik tadbirlardan biri hisoblanadi. Bahor va kuz Apple’ning ishqibozlari uchun yangi innovatsiyalar taqdimoti uchun kutilgan fursatdir.

Jahonning eng qimmat kompaniyasining daromadidan so‘nggi yillarda baraka qochdi. Kompaniya 2015 yilning 1-choragida 58 million AQSh dollari miqdorida foyda ko‘rgan bo‘lsa, joriy yil birinchi choragidagi foyda uzog‘i bilan 53 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda.

Bu esa kompaniyadan xalqaro bozordagi ahamiyatini saqlab qolish uchun kurashishni talab qiladi.

Ammo so‘nggi vaqtlarda Apple va AQSh Federal tergov byurosi o‘rtasidagi nizolar, kompaniyaning jinoyatchilar tomonidan foydalanilgan iPhone’ga oid ma’lumotlarni taqdim etishni rad qilish bilan bog‘liq mojarolar barchaning diqqat-markazida turibdi. Kompaniya aynan shu masalaga bag‘ishlangan sud ishidan bir kun avval, 21 mart kuni muxlislarini yangi talqindagi mahsulotlari bilan tanishtirmoqchi.

Ixcham iPhone

Ha! Ixcham yoki jajji ayfon degan jumla Apple’ga u qadar ham “yopishmayapti”. Sababi Apple katta va yorqin ekranli mobil vositalari bilan ko‘pchilikni maftun qilgan edi. Aynan shu turdagi gadjetlar 2015 yilda kompaniya tarixida eng ko‘p foyda ko‘rilgan chorakni qo‘lga kiritilishida xizmat qildi.

Garchi, 2014 yilning 9 sentyabrida namoyish etilgan, 12 sentyabrdan boshlab buyurtma qabul qilingan va ilk sutkada 4 million dona qurilmagan buyurtma olinib, 3 sutka oralig‘ida 10 million dona iPhone 6 gadjeti sotilgan bo‘lsa ham, so‘nggi vaqtlarda bu ko‘rsatkich keskin pasaygan.

Eshitgan bo‘lsangiz, bir vaqtlar Stiv Jobs foydalanuvchilar juda yirik bo‘lgan ayfonlarni tutishni ma’qul ko‘rmasligini, gadjet hajmi me’yorida bo‘lishi zarurligini aytgan edi. Xuddi shu fikrning tasdig‘i sifatida Apple’ning ayni vaqtdagi yetakchisi Tim Kuk ham 26 yanvar kuni mahsulotlar sotilishiga oid statistik ma’lumotni aytib o‘tgan.

Ya’ni, uning aytishicha, iPhone 6 va 6 Plus foydalanuvchilar orasida kutilganidek ommalashmagan va 60 foiz ayfon foydalanuvchilari kompaniyaning 2014 yilgacha bo‘lgan gadjetlaridan voz kechishmagan.

Buning sabablari ko‘p. Yangi raqobatchi kompaniyalarning sifatli va arzon qurilmalar bilan jahon mobil vositalar bozoriga kirib kelayotgani bosh sabab.

Kompaniya raqobat avj olgan davrda bozorga navbatdagi  iPhone SE – 4 dyuymli smartfonini taqdim qilmoqchi.

iPhone SE – nomi raqamlardan holi ilk ayfon. Ehtimol “SE” qo‘shimchasi “special edition”, ya’ni “maxsus talqin” ma’nosini bildirishi mumkin. Aniqrog‘i, uning 2013 yilda namoyish qilingan iPhone 5 hamda 5s’ga o‘xshab ketishi taxmin qilinmoqda. Faqat tashqi ko‘rinishi, shakli va hajmi shunday bo‘ladi. 9to5Mac nashrining yozishicha, faqat iPhone SE korpusining burchaklari yassi emas, to‘g‘ri, o‘tkir burchakli bo‘ladi.

iPhone 5s

iPhone 5s

Smartfonning ichki imkoniyatlari iPhone 6S bilan deyarli bir xil bo‘lishi aytilmoqda. Shuningdek, yangi talqin bir qator zamonaviy innovatsiyalarga ham ega bo‘ladi.

iPhone SE 4 dyuymli ultra 3840 x 2160 hajmli piksel sig‘imiga ega Retina display, Siri – ovozli tizimda ishlaydigan virtual yordamchini qo‘llab-quvvatlaydigan Apple A9 protsessori (2015), 1 GB tezkor xotira, 16 Gb va 64 Gb qo‘shimcha xotira, 12 MP orqa kamera, 1.2 MP old kamera, Touch ID barmoq izlari skaneri, iOS 10 operatsion tizimiga ega bo‘ladi.

iPhone 6

iPhone 6

iPhone 6s kabi 12 Mp kamerada 4K-formatida video hamda GIF – “jonli” foto (Live Photo) olish mumkin. Ba’zi manbaalarda asosiy kameraning 8 MP bo‘lishi ham aytilmoqda. Ammo bu dalil barcha raqobatchilar kamera texnologiyasiga zo‘r berib turgan davrda haqiqatdan yiroq.

Smartfonda NFC – yaqin masofada aloqa o‘rnatish texnologiyasi, Apple Pay – yaqin masofada to‘lovni onlayn amalga oshirish tizimi joriy qilinadi.

Korpusda ovozni sozlashga mo‘ljallangan doira shaklidagi tugmachalar, yuqori qismida o‘chirib-yoqish tugmasi, ost qismida audio quloqchin ulash uchun port, ovoz uzatkich va mikrofon bo‘ladi.

Korpusning orqa qismida ham metall va shisha xomashyosidan foydalanilgan. Gadjetning tashqi ta’sirga chidamliligini oshirish uchun korpus chekkasi dag‘al zih bilan o‘ralgan bo‘ladi.

Quvvat toshi – akkumulyator masalasida hozircha uning 5 avlod ayfonlaridan yaxshiroq akkumulyatorga ega bo‘lishi aytilmoqda. Ya’ni, kamida 1624 yoki 1642 milliamper-soat elektr quvvati sig‘imiga ega bo‘ladi.

Narx-navosi oldingi ayfonga nisbatan arzonroq bo‘ladi. Ekspertlar ushbu qurilmaning 400-500 AQSh dollari oralig‘ida bo‘lishini taxmin qilishmoqda. Misol uchun, iPhone 6s’ning eng arzon talqini ham 650 AQSh dollaridan sotilmoqda. Mazkur qurilmadan keyin kompaniya iPhone 5s ishlab chiqarishni rasman tugatishi mumkin.

Ixcham iPad Pro

iPad Air 3 o‘rniga Apple 9.7 dyuymli iPad Pro’ni taqdim qilmoqchi. Yangi jihat va imkoniyatga ega bu planshet bozorda ishonch qozonsa, Apple iPad Air hamda iPad mini planshetlari savdosini tugatishni reja qilgan.

Yangi planshet ayni paytdagi 12.9 dyuymli Retina displeyga ega iPad Pro’ning ixchamroq talqini bo‘ladi. Ichki imkoniyatlar esa saqlanib qolinadi. Ya’ni, planshet ham tezkor faoliyat ko‘rsatadigan, ham quvvat tejaydigan A9X protsessoriga, klaviatura va boshqa aksessuarlarni ulash mumkin bo‘lgan yagona “aqlli konnektor”ga, to‘rt tomonda audio uzatkichlarga ega bo‘ladi.

2016 yilning iPad gadjeti 9.7 dyuymli, piksel sig‘imi 2334 x 3112, 4K texnologiyaga asoslangan ekranga ega bo‘lib, 3D Touch texnologiyasi bilan ta’minlangan bo‘ladi. Uning displeyi  Apple Pencil qalamchasini ham o‘qiy oladi.

Hozircha narx-navo borasida biror fikr aytish qiyin. 9to5Mac nashrining ma’lum qilishicha, iPad Pro’ning Wi-Fi aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydigan, 32 GB qo‘shimcha xotiraga ega talqini $599 AQSh dollaridan, ya’ni o‘zining ajdodidan 100 dollar qimmat narxda sotuvga chiqariladi. Shuningdek, gadjetning LTE aloqa tarmog‘ida ishlaydigan 128 GB talqini ham ishlab chiqariladi.

Amazon internet do‘konida kompaniyaning so‘nggi plansheti – Apple iPad Pro 720.99 AQSh dollaridan sotilmoqda. “Malika” savdo majmuasida esa iPad Air 2 (Wi-Fi, 4G, 64 Gb.) qurilmasi 4.150.000 so‘mga baholangan.

Apple Watch

Apple Watch’ning ikkinchi avlodi kuzda namoyish etilsa ham, 21 mart kuni Apple “aqlli soat”ning innovatsion dasturlarga ega yangi talqinini rejalashtirayotgani kutilmoqda.

Apple Watch 2’ning navbatdagi avlodida ARM Cortex A32 protsessoridan foydalanilishi mumkin. Ma’lum qilinishicha, yangi A32 protsessori qurilmani oldingi protsessorlardan 25 foiz tezroq ishlashini, sifatli namoyishini ta’minlaydi.

Apple Watch 2 yordamida video qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish uchun Facetime kamerasi ham bo‘lishi mumkin. Unda foydalanuvchi salomatligiga xizmat qiluvchi bir qator sensor va fitnes ilovalar ham bo‘ladi.

9to5mac blogining yozishicha, elektron soat korpusida titan, volfram, palladiy va platina metallaridan foydalaniladi. Bu esa gadjet narx-navosiga ta’sir ko‘rsatadi. Hozircha ekspertlar «aqlli soat»ning $1,000 AQSh dollari atrofida sotilishi taxmin qilinmoqda.

Hozircha terabaytUz’da shular. Sizga Apple yangiliklarini 21 mart kuni batafsil taqdim etamiz.