Sun’iy ong 27 yil avval o‘g‘irlangan bolani topib berdi

  •   DiMaX
  •  1487
  •  13.05.2017 15:30

Sun’iy ong 27 yil avval o‘g‘irlangan bolani topib berdi

«Xitoycha Google» hisoblanuvchi Baidu kompaniyasi tomonidan yaratilgan sun’iy ong texnologiyasi xitoylik ota-onaga bundan 27 yil oldin o‘g‘irlab ketilgan bolasini topishda yordam berdi. Bu haqda Creativity-online nashri xabar beradi.

«Bola uyiga keladi» (xitoychada – Baobeihuijia) deb nomlangan saytga Fu Guy o‘zining o‘n yasharlik paytidagi suratini yukladi. Bu paytda u hali, ota-onasi ham uning bolalikda tushgan bir nechta rasmini saytga joylaganidan bexabar edi. Tizim bu yigit hamda uning ota-onasi yuklagan suratlarni o‘zaro solishtirib tahlil etib chiqdi va ularga xabar qilib, o‘zaro uchrashtirdi. Keyinchalik o‘tkazilgan DNK testi ularning haqiqatan ham qarindosh ekanliklarini isbotladi.

Mazkur texnologiya hali unchalik mukammal emas va faqat yuklanish oralig‘i olti yilgacha bo‘lgan suratlarnigina o‘zaro taqqoslay oladi. Ammo, Baidu vakillarining ta’kidlashlaricha, tizimning ishlash aniqligi 99,77% ni tashkil etadi. Shuningdek, u baribir odamlardan ko‘ra tezroq ishlaydi-ku.

Xabarda aytilishicha, Xitoyda har yili o‘n minglab bolalar o‘g‘irlanadi. Ularni bola boqib olishni istaganlarga sotishadi, qullikka solishadi yoki boshqa tuban maqsadlarda foydalanishadi.

Baobeihuijia sayti esa shu va boshqa sabablar tufayli bir-birini yo‘qotgan qarindoshlarni o‘zaro topishtirish maqsadida tashkil etilgan. Bir necha yil mobaynida uning ko‘ngilli tarzda ishlovchi xodimlari ota-onalar va bolalar tomonidan yuklangan rasmlarni erinmasdan o‘zaro taqqoslab, imkon qadar ularga madad bo‘lib kelishgan. 2017 yilning mart oyidan esa Baidu bu saytga o‘zining yuzni tanish texnologiyasini joriy etishni taklif qildi. Mana, buning natijalari ko‘zga tashlana boshladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!