Sun'iy intellekt yangiliklariga boy Google I/O – bilishingiz kerak bo'lgan barchasi!

Sun'iy intellekt yangiliklariga boy Google I/O – bilishingiz kerak bo'lgan barchasi!

Kecha, 10-may kuni Toshkent vaqti bilan 22:00 da an'anaviy Google I/O tadbirining 2023-yilgi bo'lib o'tdi. Ikki soat davom etgan tadbir Google'ning sun'iy intellekt bilan bog'liq bir dunyo yangiliklari bilan boshlandi. Ularning asosiylari bilan quyida tanishishingiz mumkin.

Gmail endi siz uchun xabar yozadi!

Google'ning Gmail elektron pochta xizmati allaqachondan beri xabarlar yozishda qisqa javoblar yoki keyingi so'zlarni taklif qilish bilan katta yordam berib keladi. Endilikda rivojlangan sun'iy intellekt texnologiyasi bilan u yanada "kuchaymoqda" – endi Gmail sizga butun boshli xabarni yozib bera oladi.

"Help me write", ya'ni "Yozishga yordam ber" deb nomlanadigan ushbu funksiya xuddi ChatGPT kabi ishlaydi yoxud unga nima haqida xabar yozish kerakli haqida qisqa taklif bersangiz u sizga to'liq email xabarni yozib beradi. Ushbu yangi funksiya aynan qachondan barcha foydalanishga topshirilishi noma'lum, lekin u tez orada chiqarilishi aytildi.

Google Maps xaritasi endi joylarni "qush ko'zi bilan" ko'ra olasiz

Sundar Pichai, Google rahbari, Maps xaritalar ilovasidagi "Immersive view" funksiyasining marshrutlar uchun kengayayotganini e'lon qildi. Bunda siz o'zingiz belgilagan marshrutni virtual tazrda 3D ko'rinishida "qush ko'zi bilan" yoxud yuqoridan ko'rishingiz mumkin bo'ladi.

Afsuski, ushbu faqat ma'lum shaharlar – Amsterdam, Berlin, Dublin, Florensiya, Las-Vegas, London, Los-Anjeles, Mayami, Nyu-York, Parij, San-Fransisko, Sietl Tokio va Venetsiya uchun mavjud bo'ladi. U yil oxirigacha ishga tushirilishi kutilmoqda.

Google'ning ChatGPT raqobatchisi endi hamma uchun ochiq

Konferensiya davomida Google'ning matnlar yaratib beruvchi Bard sun'iy intellekt chatbotidan foydalanishda kutishlar ro'yxatini olib tashlagani e'lon qilindi, ya'ni Bard endi hamma uchun ochiq, shu qatorda O'zbekiston uchun ham.

Undan siz https://bard.google.com/ orqali foydalanishingiz mumkin. Ta'kidlash joizki, u hali ham beta versiyada.

Google Photos yana yangi sun'iy intellekt funksiyaga ega bo'lmoqda

Google Photos o'tgan yili suratlardan ortiqcha narsalarni olib tashlash kabi sun'iy intellekt bilan ishlaydigan Magic Eraser funksiyasiga ega bo'lgan edi. Bu yil esa u Magic Editor bo'lmoqda va bu ham SI bilan ishlaydigan xususiyat bo'lib, u suratlarni tahrirlashda katta yordam beradi.

Masalan, u sizga suratdagi odamni uzoq vaqt bosib turish bilan uni fondan kesib, uni suratning boshqa joyiga qo'yishga yoki suratning ramkadan tashqaridagi joylarini qayta yaratishga imkon beradi. Ushbu funksiya ham yil oxirigacha chiqariladi.

Google qidiruv tizimiga sun'iy intellekt qo'shilmoqda

Sun'iy intellekt qidiruv tizimlari uchun yangi trend bo'ldi va barcha uni o'zlashtirishda davom etmoqda, shular qatorida Google ham. Google – qidiruv tizimi, endi sizning so'rovlaringizga Palm 2 katta til modeli orqali javob beradi. Ta'kidlash joizki, Bard ham xuddi shu til modelida ishlaydi. Bunda siz qidiruvingizning eng yuqori qismida SI bilan yaratilgan alohida maydonga ega javobni ko'rasiz.

Shuningdek, siz mavzu doirasida keyingi savollaringizni ham so'rashingiz mumkin va sun'iy intellekt mavzuni unutmagan holda sizga javob beradi. Albatta, sun'iy intellekt maydonidan pastroqda siz an'anaviy Google javoblarini topishingiz mumkin.

Android 14 da SI bilan yaratilgan fon rasmlari

Ha, sun'iy intellekt Android'ga ham kelmoqda. Google shu yilnign kuz faslida sun'iy intellekt bilan yaratiladigan fon rasmlari xususiyatini chiqaradi, bu esa Android foydalanuvchilari so'rovlariga ko'ra yaratilgan suratlarni fon rasm sifatida qo'yish imkonini beradi.

Bulardan tashqari konferensiya davomida Google o'zining kod yozadigan Codey, matnni musiqaga aylantirib beradigan MusicLM, foydalanuvchi qaydlarini yig'adigan va ularni tartibga solib, umumlashtiradigan Tailwind loyihasi va boshqa bir qancha sun'iy intellekt bilan bog'liq yangiliklarni namoyish qilgan. Bo'lib o'tgan Google I/O taqdimotini o'tkazib yuborgan bo'lsangiz uni siz yuqoridagi YouTube video orqali qayta tomosha qilishingiz mumkin.