Suratdagi iPhone 8 dizayni "ayfonchi"larni sarosimaga solmoqda

Suratdagi iPhone 8 dizayni

Kuni kecha internet tarmog‘ida iPhone 8 deya taxmin qilinayotgan smartfon aks etgan suratlar tarqab ketdi. Ayni paytda bu suratlar bois, ayfon ixlosmandlari orasida vahima tarqalgan: bu -- ular kutayotgan "mo‘’jizaviy" ayfon emas!

Ularga o‘zingiz baho bering:



Ma’lum bo‘lishicha, fotosurat kema qatnovi orqali yuk tashish bilan shug‘ullanadigan kompaniyaning mahsulotlar xavfsizligini ta’minlaydigan xodimi tomonidan olingan. Muallifning so‘zlariga ko‘ra, suratda iPhone 8  flagmanining old paneli aks etib turibdi. Qolaversa, bulura yangi ayfon avlodining tajriba modellari emas, ommaviy ishlab chiqarilgan namunalari.


To‘g‘ri, ma’lum bo‘lganidek, suratda displey atrofi romdan xoli dizaynda ishlangan smartfon tasvirlangan. Ammo, bu kutilgan dizayn emas. Jumladan, suratdagi smartfonning suhbat dinamigi va kamera datchigi uchun old panelning yuqori qismidagi katta maydondan o‘rin ajratilgan. Vaholanki, iPhone 8'ning ekrani smartfondagi bu qismlarni "yutib yuborishi" kerak edi. Shuningdek, suratda smartfon quyisida ham hayhotdek maydon qoldirilgan. Bu sizga ham LG G6'ning qiyofasini eslatib yuborgan bo‘lsa ajab emas.

Smartfon old panelining yuqori qismida kamera datchigi bitta. Insayderlar yangi ayfonning 2 ta old kamera sensorlariga ega bo‘lishini ham yozishayotgan edi.

"Ayg‘oqchilik" surati bilan birga e’lon qilingan xatda suratlar muallifi yirik jo‘natmalarni yetkazib berishda xavfsizlik bilan shug‘ullanishini, ayni paytda yangi iPhone'ning batareyalar xavfsizligini nazorat qilish bilan bandligini ma’lum qilgan. 

Qolaversa, suratkash xodim Touch ID identifikatsiya tizimining smartfonning orqa paneliga joylashtirilganini aytgan. Vaholanki, bu detal ham displey ostidan o‘rin egallashi kerak edi. Shuningdek, xabarda yetkazib berish lozim bo‘lgan yangi ayfonlarning miqdori tobora ko‘payib borayotgani ham qayd etilgan.

Insayderlarning fikricha, suratlar Apple'ning osiyolik yetkazib beruvchilaridan birida ishlaydigan xodim tomonidan yoki gadjetni bojxona nazoratidan o‘tkazish chog‘ida olingan.

Hozircha bu xabarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi xususida biror fikr aytish qiyin. Ehtimol, bu smartfonlar iPhone 8'ning xitoylik "qiyofadoshi" bo‘lishi ham mumkin. Nima bo‘lganda ham, Apple muxlislari kompaniya ularni "raqib"lar oldida uyaltirib qo‘ymasligiga ishonishmoqda.