Surface Duo 2 vs Galaxy Z Fold3: qaysi biri kuchliroq?

Surface Duo 2 vs Galaxy Z Fold3: qaysi biri kuchliroq?

O‘tgan yilning sentyabr oyida Microsoft kompaniyasi Surface Duo buklamafonini taqdim etgan edi. Kompaniya ushbu smartfon bilan muvaffaqiyatga erisha olmagan. Bunga smartfon hech qaysi texnik jihatlari borasida maqtana olmasligi sabab bo‘lgan, buning ustiga uning narxi juda ham qimmat bo‘lgan.

O‘QING: 550 dollargacha bo‘lgan smartfonlar kamerasi taqqoslab ko‘rildi

Shu yilning 22 sentyabrida kompaniya endi Surface Duo 2 qurilmasini taqdim etdi. Ushbu buklamafonning raqobatchisi o‘tgan oyda taqdim etilgan Galaxy Z Fold3 smartfonidir. Keling, yaxshisi ikkala qurilmani taqqoslab chiqamiz.

Yuqorida aytilganidek, Surface Duo'ning birinchi avlodi muvaffaqiyatsizlikka uchragan, chunki unda 5G, NFC, simsiz quvvatlanish imkoniyati mavjud bo‘lmagan. Qo‘shimchasiga, smartfonning kamerasi hamda texnik jihatlari maqtovga arzigulik bo‘lmagan.

Dizayn

Avvalgi avloddan farqli ravishda, Surface Duo 2'da buklanuvchi ekran mavjud emas. Smartfonda ikkita alohida displey bo‘lib, ular buklanuvchi mexanizm orqali birlashadi. Boshqacha qilib aytganda, smartfonning ochilib-yopilishi xuddi kitobga o‘xshaydi.

Surface Duo 2'dan farqli ravishda, Galaxy Z Fold3 ko‘plab jozibali dizayn elementlari bilan maqtana oladi. Shuningdek, u mustahkam korpus hamda buklanuvchi mexanizmga ega. Tashqi ko‘rinishidan Z Fold3 premium smartfonligi bilinib turadi.

Surface Duo 2'ning hajmi o‘ta enlik bo‘lgani uchun uni cho‘ntakda olib yurish biroz noqulay bo‘ladi. Z Fold3 esa Surface Duo'ga qaraganda ancha ixchamroq.

Displey

Samsung o‘z buklamafonlarini har yili takomillashgan displeylar bilan jihozlaydi. Z Fold3'ning ichki asosiy displeyi buklanadi. Displey o‘ta yupqa bo‘lgan shishadan ishlangan, uni esa yupqa plastik qoplam himoyalab turadi. Ushbu displey Z Fold2'dagi displeydan 80% ga bardoshliroq.

Qurilmada 7.6 dyuymli OLED displeyi bo‘lib, u 120Hz ekran yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Smartfonda, shuningdek, displey ostida joylashgan selfi kamera mavjud.

Surface Duo 2 esa ikkita 5.8 dyuymli OLED displeyiga ega. Agar ular birlashtirilsa displey hajmi 8.3 dyuym bo‘ladi. Ekran yangilanish chastotasi 90Hz, avvalgi avlod Surface Duo'da ushbu ko‘rsatkich 60Hz bo‘lganligi uchun, buni o‘sish deyish mumkin. Biroq u bu borada hali ham Z Fold3'dan ortda.

Ikkala smartfon stilusni qo‘llab-quvvatlaydi, Samsung S Pen, Microsoft esa Surface Pen bilan ishlaydi. Surface Duo 2 qurilmasida tashqi ekran mavjud emas. Shuning uchun, oddiy ammalarni bajarish uchun ham uni ochish kerak bo‘ladi.

Unumdorlik

Ikkala smartfon ham Snapdragon 888 chipi bilan jihozlangan. Bundan tashqari ular 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi. Surface Duo 2 qurilmasi 8GB, Z Fold3 esa 12GB tezkor xotiraga ega. Qurilmalarning akkumulyator sig‘imi ham bir xil: Z Fold3'da 4,400 mAs, Surface Duo 2'da 4,449 mAs.

Xulosa

Surface Duo 2 avvalgi avlodga qaraganda ancha takomillashganini ko‘rish mumkin. Biroq bu takomillashuvlar ham hozirda eng yaxshi buklamafon bo‘lgan Z Fold3 bilan raqobatlashish uchun kamlik qiladi.

O‘QING: Samsung Galaxy Z Fold3 5G'ning texnik jihatlari hamda qadoq tarkibi bilan tanishamiz

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.