Tadqiqot: Tunda elektron qurilmalardan foydalanmang!

Tadqiqot: Tunda elektron qurilmalardan foydalanmang!

So‘nggi o‘n yillikda yuqori zamonaviy texnologiyalar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib qolgani hech kimga sir emas. Uzog‘imizni yaqin, og‘irimizni yengil qilayotgan texnologiyalardan me’yoridan ortiq foydalanish salomatlikka salbiy ta’sir qilishi bot-bot takrorlab kelinadi. Kunbo‘yi ishdan zerikib kelgan insonning qo‘liga tunda internetga ulangan smartfon yoki noutbuk tushib qolsa nima bo‘ladi? To‘g‘ri taxmin qildingiz: u tunning ko‘p qismini uyqusiz o‘tkazadi.

Kuni kecha Buyuk Britaniya va AQSh olimlaridan iborat ilmiy jamoa 6,5 yil davom etgan keng ko‘lamli tadqiqot ishlarini yakunladilar. Ular ushbu uzoq vaqt davomida biz tilga olgan qurilmalarning uyqimizga ta’sirini o‘rganib bordilar. Tadqiqotning asosiy xulosasi shunday yakunlandi: tunning aksariyat qismini uyqisiz o‘tkazuvchi odamlarning biologik umri sezilarli darajada qisqaradi.

Ma’lumki inson tabiatan kunduzi faol bo‘lib, tunda dam olishga moslashgan. Tunda kech uyquga yotadigan odamlar, tabiiyki, organizmni kerakli hordiq bilan ta’minlash maqsadida kunduzi uxlashga majbur bo‘ladilar. Bu esa millionlab yil davomida organizmimiz ko‘nikib kelgan biologik soatni buzib yuboradi.

Tanamizning ma’lum qismlari tunda o‘z faoliyatini vaqtincha o‘chirib qo‘yish yoki sekinlashtirishga moslangan. Tunning ko‘p qismini bedor o‘tkazish esa ayni shu qismlar va funksiyalarning zo‘riqib ishlashiga sabab bo‘ladi va, natijada, ularning faoliyatida tez-tez buzilishlar kuzatiladi, ular tez ishdan chiqadi.

Tadqiqot davomida tunda uxlamaydigan «boyo‘g‘lilar» o‘z tanalarini yangi biologik soatga moslashtirib borishlari aniqlandi. Biroq ushbu majburiy biologik soat millionlab yillar davomida shakllangan ko‘nikmalar o‘rnini bosa olmaydi.

Mazkur keng ko‘lamli tadqiqotda Angliyadan 38-73 yoshlar o‘rtasidagi yarim million ko‘ngilli odam ishtirok etdi. Tahlillar davomida ishtirokchilarning jinsi, irqi, tana shakli, chalingan kasalliklari va boshqa ma’lumotlar ham hisobga olindi.

Natijalardan ma’lum bo‘lishicha, «boyo‘g‘lilar»ning ertaroq hayotdan ko‘z yumish ehtimoli tundan ertalabgacha tiniqib uxlaydiganlarnikidan kamida 10 foizga ortiqroq ekan.

Shuningdek, so‘nggi 10 yillikda tunda uxlamaydiganlar soni keskin ortib ketgani ham ma’lum bo‘ldi. Olimlar buning sababi sifatida zamonaviy hayot tarzining tez sur’atlarda ommalashib borishi bilan bog‘lamoqda.

Tadqiqot xulosasida ta’kidlanishicha, tunni uyqusiz o‘tkazgan shaxslarda yurak qon tomir kasalliklari (infarkt, insult, yurak yetishmovchiligi) va endokrin tizimining buzilishi (qandli diabet, ichki segregatsiya bezlari faoliyatining ishdan chiqishi)ga chalinish ehtimoli yuqori ekan.

Bundan tashqari tunda uxlamaydiganlarda oshqozon-ichak kasalliklari, o‘pka xastaliklari va ruhiy buzilishlar tez-tez kuzatiladi.

Shu sababli olimlar hayot tarzini yo‘lga solish, zamonaviy qurilmalardan foydalanganda me’yorga amal qilish va tunda miriqib uxlashni tavsiya qilmoqdalar.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!