Yilning ta’mirlash mushkul smartfonlari: TOP-5

Yilning ta’mirlash mushkul smartfonlari: TOP-5

Smartfonlarning yangi jihat va imkoniyatlarga ega bo‘lib borishi, o‘z navbatida ta’mirchi ustalarning ishini ham qiyinlashtiradi. Jahon miqyosida smartfonlarni ta’mirlash va xizmat ko‘rsatish ustaxonalari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar asosida 2017 yilning  ta’mirlash qiyin bo‘lgan smartfonlari "TOP-5"taligi shakllantirilgan. Quyida ular bilan sizni tanishtiramiz. Smartfon xaridida ularning shu jihatlariga ham diqqat qilish -- foydadan xoli emas.

5. iPhone 7/7 Plus

Ta’mirga yaroqlilik reytingi: 7/10

Apple flagmanida odatda u yoki bu detalni va butlovchi qismni almashtirish bilan bog‘liq muammo ko‘p ham ko‘zga tashlanmaydi. Akkumulyator oson yechiladi, displey va Home tugmachasini ajratish ham ustani qiynamaydi.

Uni ta’mirlash bilan bog‘liq asosiy muammo -- detallarning yig‘ilishida. Uning ichki qismlarini ochish va yig‘ish uchun kamida 4 ta turli o‘lchamdagi otvyortka kerak bo‘ladi.


4. Huawei Mate 8

Ta’mirga yaroqlilik reytingi: 6/10

Aksariyat tarkibiy qismlar modulli, ya’ni, o‘zaro bo‘linadigan bo‘lgani tufayli ularni almashtirish u qadar mushkul emas. Burama mixlar ham standart shaklda. Bu esa korpusni ochib-yopishda qo‘l keladi.

Uni ta’mirlashda bosh muammo -- displey bilan bog‘liq. Boisi, asosiy detallar displeyning orqa tomoniga biriktirilgan. Bu esa displeyni siqib qo‘ygan. Ta’mirlash chog‘ida kichik ehtiyotsizlik ham telefon ekranini ishdan chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

3. LG G6

Ta’mirga yaroqlilik reytingi: 5/10

Flagmanning bosh o‘ziga xosligi — aksariyat tarkibiy detallar modulli, ya’ni bo‘linadigan. Bu esa ularni oson va boshqa detallarga xalaqit qilmay almashtirish imkonini beradi.

Muammo shundaki, ba’zi bir butlovchi qismar displeyning orqa tomoniga biriktirilgan. Old va orqa shisha mo‘rtligi va oson sinishini hisobga olsak, bu gadjetni ta’mirlash ustadan katta mahoratni talab qiladi. Hattoki, ko‘p hollarda ta’mirlovchi ustalar korpusni ochmoqchi bo‘lganlarida ham ustki himoya shishasini sindirib qo‘yadilar.

Devays ichkarisida yelim va sirachlarning ko‘pligi esa ta’mirlash jarayonlariga faqatgina salbiy ta’sir o‘tkazadi.


2. Samsung Galaxy S8/S8+

Ta’mirga yaroqlilik reytingi: 4/10

Koreyalik flagmanlardagi aksariyat butlovchi qismlarni almashtirish mumkin. Biroq, bu -- oson ish emas. Misol uchun, akkumulyatorni almashtirish mumkin, lekin usta uchun bu qiyin kechadi. Boisi, akkumulyator va "ona plata" bir-biriga birikkan bo‘lib, kichik xatolik ham qimmatbaho plataga shikast yetkazadi.

Shu bilan birga, korpusni ochish — aytishga oson. Smartfonning old va orqa panellari shishadan tayyorlangan. Birgina qo‘pol harakat ham ularga darz ketkazishi mumkin.

Va eng so‘nggi qiyin jihat -- old panel bukik shaklda bo‘lgani bois, ta’mirlash chog‘ida displeyni sindirib qo‘yish ehtimolini oshiradi.


1. HTC One M9

Ta’mirga yaroqlilik reytingi: 2/10

Bu urilmani ta’mirlash bilan birgina ijobiy holat mavjud — Phillips brendiga xos standart burama mixlar. Ularning yordamida panel mustahkam birikadi, shuningdek oson ajraladi.

Qurilma displeyini almashtirishning deyarli iloji yo‘q. Uni yechib olish va o‘rnatish juda qiyin. Akkumulyator esa "ona plata"ning ostiga ko‘mib tashlangan. Bu esa uni almashtirishni 2 barobar qiyinlashtiradi.

Smartfon korpusini ochib nazar solsangiz, aksariyat butlovchi qismlarning boshqa ishlatib va ochib bo‘lmaydigan darajada yelimlab tashlanganiga guvoh bo‘lasiz.

Bonus

Smartfonlarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash markazlarida faoliyat ko‘rsatuvchi ustalarning so‘zlariga ko‘ra, hozirgacha ular duch kelgan va ta’mirlash murakkab bo‘lgan smartfon, bu -- iPhone 2G (2/10) hamda HTC One (1/10) bo‘lgan ekan. Ekspertlarning fikricha, bu ayfon korpusini biror bir shikastsiz qayta yopishning iloji yo‘q. HTC smartfonidagi akkumulyator esa haddan ziyod yelimlab tashlangan va "ona plata"ga qalaylab qo‘yilgan. Akkumulyator hattoki romlarga ham yelimlangan ekan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!