TATU, Amiti va Inhada nima gaplar? Al-Xorazmiy nomidagi maktabda-chi?

  •   DiMaX
  •  675
  •  04.02.2021 10:01

TATU, Amiti va Inhada nima gaplar? Al-Xorazmiy nomidagi maktabda-chi?

2021 yil 31 yanvar kuni «Xalq so‘zi» gazetasining 22-sonida AKT vaziri Sh. Sodiqovning «Yoshlar va axborot texnologiyalari: O‘zbekistonda ularning salohiyatini birlashtirish holati qanday?» nomli maqolasi chop etildi. Shundan yoshlarni mazkur sohada o‘qitish borasidagi qismini e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

O‘QING: Raqamli islohotlarning texnologik poydevori

TATU, Amiti va Inhada nima gaplar?

Yoshlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga qiziqishlarini inobatga olib, TATUda 2020/2021 o‘quv yilida yangi Raqamli iqtisodiyot bakalavr ta’lim yo‘nalishi hamda sakkizta yangi magistratura mutaxassisligi ochildi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan mazkur oliy ta’lim muassasi tuzilmasida O‘zbek-Belarus qo‘shma fakulteti tashkil etilib, 2020/2021 o‘quv yili uchun 500 nafar talaba qabul qilindi. Umuman olganda, bugungi kunda, TATU va uning filiallarida jami 15 mingga yaqin talabalar tahsil olmoqda.

Bilamiz, AKTda to‘xtash va uzilish bo‘lmaydi. Bu boradagi uzluksizlikni ta’minlashda esa xorij tajribasini chuqur o‘rganish, eng ilg‘orlarini mahalliy kadrlar tayyorlash tizimiga tatbiq etish hamisha dolzarbdir.

Shu ma’noda, 2019 yilda Toshkent shahrida Amiti universiteti faoliyati bejizga yo‘lga qo‘yilmadi. Unga xorijiy mamlakatlardan 17 nafar PhD darajasiga ega professor-o‘qituvchi jalb qilindi. O‘tgan o‘quv yilida 498 nafar talaba birinchi bosqichni yakunladi. 2020/2021 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari to‘liq onlayn shaklda tashkil etilib, mazkur oliy ta’lim muassassiga 384 nafar talaba qabul qilindi.

Janubiy Koreyaning poytaxtimizdagi Inha universitetida ham jarayonlar qizg‘in. Ayni paytda ushbu dargohda 51 nafar professor-o‘qituvchi va assistent faoliyat yuritib kelyapti. Talabalarning umumiy soni 1 506 nafarni tashkil etadi. Ularning 420 nafari joriy o‘quv yilida imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlardir.

Al-Xorazmiyning munosib izdoshlari

Ma’lumki, barcha, ayniqsa, IT jabhasi uchun bo‘lajak mutaxassislarni tayyorlash jarayonlari qancha erta boshlansa, kelajak uchun yaratilayotgan poydevor shuncha mustahkam bo‘ladi. Shu ma’noda, Yurtboshimizning bevosita g‘oyasi asosida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi. Hozir bu yerda O‘zbekistonning eng ilg‘or kadrlari ta’lim olyapti, imiji va potensiali shakllantirilmoqda.

Joriy o‘quv yilida ularning safi yanada kengaydi. Ya’ni qabul kvotasi 330 nafar etib belgilandi va kirish imtihonlari respublikamizda birinchi marotaba onlayn shaklda ikki bosqichda o‘tkazildi.

Ayni chog‘da besh muhim tashabbus doirasida aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari hamda internetdan samarali foydalanishni tashkil etish masalasi ham doimiy e’tiborda.

Axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish maqsadida esa 2020 yilda mamlakatimiz bo‘ylab 107 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi. O‘tgan yilning o‘zida o‘quv kurslarini 15 mingdan ko‘p tinglovchilar yakunladi.

O‘QING: Lazizbekning hikoyasi: Qanday qilib 19 yoshda oyiga $1000 dan ko‘p daromad topish mumkin?

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!