«Taxtlar o‘yini»: spoylerlar xavfli, ochmang!

  •   DiMaX
  •  1876
  •  28.08.2017 10:09

«Taxtlar o‘yini»: spoylerlar xavfli, ochmang!

«Taxtlar o‘yini» «Game of Thrones» teleseriali dunyo bo‘ylab ommalashib borayotganidan xabaringiz bor. Ishqibozlar sabrsizlik qilib, uning yangi qismlarida nimalar yuz berishini bilishga oshiqadilar. Bu qiziqishlari esa xakerlarga juda qo‘l kelmoqda, deya xabar beradi The Verge nashri.

Aytilishicha, xakerlar kinomanlarga serialning yangi qismlari syujeti bilan tanishishni taklif qilib, elektron pochta orqali spoyler (qisqacha mazmuni) yuborishadi. Biroq ular jo‘natgan faylda virus bo‘lib, u xakerlarga kompyuterni masofadan turib boshqarish imkonini beradi.

Virus tarqatishning ushbu yangi uslubini Cybersecurity Proofpoint kompaniyasi mutaxassislari aniqlashgan. Xakerlar elektron pochtalarga xat tarqatib chiqishmoqda: ularda keyingi seriya mazmunini premeradan oldin bilib olish taklif etilgan bo‘ladi. Qiziqtirish uchun maktubning o‘zida syujet haqida bir nechta faktlar beriladi. O‘z so‘zlarining isboti sifatida xat muallifi serialning navbatdagi qismidan ayrim videolavhalarni tomosha qilishni taklif etadi.

Mana shu joyida videolavhalarni ko‘rish uchun 24 kilobayt hajmidagi, docx formatli faylni ko‘chirib olish taklif etiladi. Axborot texnologiyalaridan salgina xabari bor odam shundoq ham anglaydiki, uch daqiqalik video fayli bu hajmga hech qanaqasiga sig‘maydi. O‘sha docx-faylda videofayl belgichasi joylashgan, foydalanuvchi uni bosishi bilan «9002» troyanining modifikatsiyalangan algoritmi ishga tushib ketadi. U esa xakerlarga ushbu kompyuterni boshqarish imkonini beradi.

Shu bois, «Taxtlar o‘yini» ishqibozlariga bu kabi spamlarga aldanmaslik tavsiya etiladi. Shuningdek, kiber-viruslardan himoyalanish yo‘llarini o‘rganish uchun mana bu maqolamiz bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.